Ana sizga olimning gapi: 25 yil "uxlaganimiz" rostmi?

Ana sizga olimning gapi: 25 yil "uxlaganimiz" rostmi?

Shukrona aytish – fazilat, noshukrlik – katta qusur. 

Hamma zamonda ham to‘g‘ri qadam tashlab, halol ishlaganlar va maqsadiga yetganlar albatta shukrona aytishlarini, shu bilan birga biror ishni uddalay olmay, kimlargadir yaltoqilik qilib kun kechirganlar noshukrlik qilganlarini ko‘p kuzatganmiz. Shukrona qilguvchilar ko‘p gapirmaydi, kimgadir yaxshi ko‘rinish uchun bo‘lar-bo‘lmasga yozg‘iravermaydi. O‘zi biror ishni yolchitmagan noshukrlar esa... 

Ochig‘ini aytish kerak, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda so‘nggi o‘n yilliklarda qalashib ketgan muammolarni dadillik bilan hal etishga kirishar ekan, qator sohalarda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, qaysidir mutasaddi va mas’ul rahbarlarning jinoyatlarini dangal fosh etib tashladi. “Shuncha vaqt uxlaganlar”ni, yurtimizni talon-taroj qilganlarni ayovsiz tanqid qildi. Davlatimiz rahbari o‘tmish xatolarini oshkor etish, tanqid qilish bilan bir qatorda yurt istiqboli, xalqimiz kelajagini o‘ylab amalga oshirayotgan islohotlari beqiyosdir. Buni birgina Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 

Tanqidiy-tahlil har qanday ishimizga xolis baho beruvchi mezondir. 

Biroq, salla deganda kalla olishga ustasi faranglar bundan 15-20 yil avval Birinchi Prezidentimizga qandoq xushomad urishgan bo‘lsa, bugun xuddi shunday davlatimiz rahbariga yaxshi ko‘rinishga intilayotganini ham ochiq-oydin aytishimiz kerak. 

“O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan navbatdagi “Munosabat” ko‘rsatuvi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir” sarlavhali ma’ruzasi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlandi. 

Ko‘rsatuvda bir olim o‘ylamay-netmay takror-batakror: “25 yil uxladik...” desa bo‘ladimi?! 

U bu gapini nima maqsadda, kimga qarata aytganini tushunmadik... 

Shu gapni gapirgan odamning o‘zi endi uyg‘onib qoldimikin? Xudo umr bersa, yana shuncha yil o‘tib nimalar der ekan? Balki bugungi kunimizga ham o‘sha davrdagilarga yoqadigan qilib tosh otishning uddasidan chiqar... 

O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, degan hikmat bejiz aytilmagan! 

Haqiqatning ko‘ziga tik qarab aytadigan bo‘lsak, yurtimiz mustaqilligining dastlabki 25 yilida millionlab vijdonli insonlar uxlagani yo‘q! Ular hatto g‘aflatda ham qolganlari yo‘q. Sobiq mustabid tuzumning naqadar murakab va og‘ir mafkurasidan qutulib, o‘z taraqqiyot yo‘limizni topish, ramziy ma’noda aytganda, daryo o‘z o‘zaniga tushib olish jarayoni oson kechmadi. 

1991 yil voqealari hamon ko‘z oldimizdan ketgan emas, ketmaydi ham! Yurtimiz mustaqilligi e’lon qilingan davrda endi buyog‘i qandoq bo‘lishini ko‘pchilik tasavvuriga ham sig‘dira olmagandi. “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan umidbaxsh so‘zlarning mohiyatini teran tasavvur etish qiyin edi. 1995 yilgacha mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ulug‘vor ishlarning qiyosi yo‘q edi. Bu ishlarni esa millionlab dehqonlar, ishchi-xizmatchilar, bunyodkorlar, yo‘lsozlar va boshqa kasb egalari bir tan-u bir jon bo‘lib amalga oshirganlar. Natijada qancha zamonaviy uylar, banklar, 10 mingga yaqin maktablar, sport maydonlari, zavodlar, qo‘shma korxonalar va boshqa inshootlar bunyod etilganiga hammamiz guvohmiz-ku. Nainki guvoh bo‘lish, balki, o‘sha bunyodkorlik ishlarida vijdonli, oriyatli zamondoshlarimizning hissalari, mehnatlari kam emas. Hamma ish zahmatkash xalqimizning kuch-qudrati va shijoati bilan amalga oshmadimi? Imom Buxoriy majmuasidan tortib o‘nlab betakror ziyoratgohlar qad rostlamadimi? Qancha masjidu madrasalar shaharu qishloqlarimizga fayz kiritmadimi? Shu davr orasida yurtimizda ishlab chiqilgan eng zamonaviy yengil mashinalarga ko‘chalarimiz torlik qilib qolgani bois qancha ko‘priklar bunyod etilmadimi? Tezyurar poyezdlarimiz Qashqadaryodan Surxondaryoga to‘g‘ri borganida, ulkan tog‘ni teshib, vodiyga temir yo‘l orqali borish nasib etganida boshimiz ko‘kka yetmadimi? Xalqaro sport maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘i hilpiraganida quvonmadikmi? Mamlakatimiz mudofaa qudrati yuksalib, chegaralarimiz daxlsizligini o‘zimizning milliy armiya ta’minlayotganining qiyosi bormikin? 

Aytaversak adoqsizdek ko‘ringan yutuqlarga osonlikcha erishganimiz yo‘q-ku! Bu millionlab vatanparvar xalqimizning zahmatli mehnatlari evaziga qo‘lga kiritilgan beqiyos baxtimizni endi kamsitishga ham hech kimning haqqi yo‘q! Shu ulug‘vor ishlarning uddasidan chiqqanlar endi “uxlagandik” degan malomatga qandoq chidashi mumkin? 

O‘sha davr ommaviy axborot vositalarida xuddi shu voqeliklar o‘z aksini topgani ham ayni haqiqatdir. Demak, jurnalistlar ham uxlamagan! 

Qaysidir og‘zibotir “uxladik” desa, demak, o‘zining ko‘zi yumuq bo‘lgandir... Biroq, bunaqa iddaosi bilan hamisha qalbi uyg‘oq bo‘lgan zamondoshlarimizni ranjitishiga toqat qilib bo‘lmaydi. 

Dehqonlar hecham uxlamagan! Ular g‘oyat og‘ir sharoitlarda mijja qoqmay ishlaganlari bois sarxil mahsulotlari yil-o‘n ikki oy bozorlarimizni to‘ldirib turibdi! 

Qancha imoratlar, inshootlar bunyod etishgan quruvchilar ham uxlaganlari yo‘q! 

O‘qituvchilar, shifokorlar, umuman, barcha ziyolilarni aslo “uxlagan”ga chiqarib bo‘lmaydi! Bu ularga nisbatan haqorat hisoblanadi. 

Mamlakatimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlab turgan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida yeng shimarib yurganlar ham hamisha uyg‘oq! 

Hatto, taraqqiyotimizga to‘g‘anoq bo‘lib kelgan ayrim mutasaddilar ham uxlagani yo‘q, ular ko‘zlari olazarak bo‘lib el mulkini talon-taroj qilganlari oshkor bo‘ldi-ku... Shularning kasofatiga muammolarimiz qalashib ketgandi... 

Aslida, har kuni tug‘ilish va keksayib o‘lish, hayot tashvishlari bor ekan, shunga yarasha muammolar ham paydo bo‘laveradi. Birgina oilada qancha muammo bo‘lsa, umumiy oilamiz hisoblanmish – mamlakat miqyosida undan ham kattaroq bo‘lishini izohlashga hojat yo‘q. Endi o‘sha muammolarni hal etish o‘rniga uni battar murakkablashtirgan, xalqiga xiyonat qilgan mutasaddi-mansabdorlarni aslo oqlab bo‘lmaydi. Ularning kasriga xalqimiz yillar davomida ancha aziyat chekkani haqqati rost. 

Xo‘sh, bu qanday muammolar edi, degan savolga davlatimiz rahbari ochiq-oshkor aytganlarini tinglab yengil tortdik. Biz o‘z vaqtida ayta olmagan va aytganimiz bilan hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydigan muammolar ham ko‘p edi. Ya’ni, elektr nuri yetishmay, qishloqlarimiz tunlari zulmatda qolganini yozganimiz bilan chiroqlarimiz yonib qolmasdi. Yonmagan tok va tabiiy gaz uchun odamlardan, hatto, pensiyalardan ayovsiz “urib qolish”dek talonchiliklar avj olgani haqida bong ura olmadik. Biroq, haq-huquqini bilib murojaat qilgan fuqarolarni Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari himoya qilganlarini ko‘p kuzatganmiz. 

Ayanchli muammolarimizdan yana biri: jamoa xo‘jaliklari tarqatilib, o‘rnida dehqon-fermer xo‘jaliklari paydo bo‘lgach, ko‘pchiligi shu ishni uddalay olmadilar. Hatto, maoshini eplab ololmadilar. Qaysidir mutasaddilarning aybi bilan dehqonlarning qo‘liga pul berilmay qo‘ydi. Ba’zi joylardagina dehqonlarning mehnatlari evaziga gohida bug‘doy, yog‘ va boshqa mahsulotlar, jilla qurisa, g‘o‘zapoya berildi. Dehqonlar shunga ham shukr qiladigan bo‘lishdi. Noiloj o‘zga o‘lkalarga ish izlab ketganlar ham kam bo‘lmadi. Ana shu hol bugun yana dehqonlarga muammoga aylanmoqda. Ya’ni, ma’lum yoshga yetib pensiyaga chiqmoqchi bo‘lgan dehkonlar arosatda. Ularga pensiya pulini hisoblab chiqish uchun daromadlari yozib qo‘yilgan zarur ma’lumotnomalar yo‘q hisobi... 

Ta’lim tizimi ham ustamonlik bilan izdan chiqarildi. O‘quvchi bilimini baholashning tayyor usuli hammaga ma’qul edi. Maktabdan kelgan o‘g‘il-qizining “Kundalik daftari”ni tekshirib turadigan ota-onalar ular olgan baholariga befarq emasdilar. Reyting degan balo chiqqach, talab qilinadigan ballarni ota-ona tugul o‘qituvchilari ham ancha paytgacha tushuna olmay abgor bo‘ldilar. Natijada, maktab bilan oila o‘rtasiga ayro tushdi. Ota-onalar bolalarining qay darajada bilim olayotganlarini nazorat qilolmay qoldilar. 

Oliy o‘quv yurtiga kirishda test degan balo – korrupsiya o‘chog‘iga aylandi. Test savollari va javoblarini tayyorlaganlar o‘sha “tayyor javob”larni sotib, puldan xirmon yasaganlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Natijada, oliy ta’lim muassasalari asosan puldorlarning ilmga umuman qiziqmaydigan bolalari bilan to‘lib ketdi. Ularning maqsadi bolasini bilimli qilish emas, balki, diplom olib berib, biror mansabga o‘tqizish va mamlakatini, xalqini talon-taroj qilishni davom ettirish ekanligini kim bilmaydi? 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bu fojealarga barham berish maqsadida “Test balosidan voz kechamiz!” degan so‘zlari haqiqiy ziyolilarda umid uyg‘otgan edi. Aynan “Munosabat” va boshqa ko‘rsatuvlarda bu borada juda ko‘p takliflar aytildi. Modomiki, testning javobi ham ishlab chiqilar ekan, u albatta o‘g‘rincha sotilishi, mutasaddilar “shaffoflik bo‘ladi” deb harqancha va’da bermasin, ustamonlar qilg‘ilig‘ini qilaverishi haqida ko‘p gapirildi. Ming afsuski, hozirgacha “testni takomillashtirish” avj olsa olyaptiki, kamaymayapti. Natijada, so‘nggi paytda korrupsiya botqog‘iga botgan 1170 dan ortiq mansabdorlarning asosiy qismini oliy o‘quv yurtlari mutasaddilari tashkil etishini hamma biladi. 

Bilim olishga qiziqmasa-da oliy o‘quv yurtlariga nopok yo‘llar bilan kirgan yoshlarning dili poklanib qolishiga kim ishonadi? Ongi-shuuri zaharlangan shunday yoshlar haqida ustoz Omonulla Madayevning xulosasi juda o‘rinli. Ya’ni, ming-ming dollar berib o‘qishga kirganlar hech qachon vatanparvar, xalqparvar bo‘lolmaydi. Ular faqat “pulparvar” bo‘lishi turgan gap. Shuncha dollar sarflab o‘qishga kirgan bola uni chiqarib olish uchun hech narsadan toymaydi. O‘zi ham olib o‘rgandimi, bas, endi u kattarganida kattaroq olmasa chidolmaydigan bo‘lib qoladi. Demak, haliyam urchib yotgan korrupsiyaning ildizlarini batamom tozalashga erishish uchun hali ko‘p kurashishimizga to‘g‘ri keladi. 

Bu kabi muammolarning qalashib ketgani va korrupsiya avj olishi hech qanaqa “uxlash” bilan izohlanmaydi. Mamlakatni talon-taroj qilganlar yoki ta’lim tizimini izdan chiqargan, korrupsiyani avj oldirganlar ham “uxlagan” emas. Aksincha, ularning ko‘zlari moshdek ochiq edi... Shu och ko‘zlari boylikka to‘ymay hammani abgor qilishganini ming aytganing bilan o‘rniga tushmaydi...

Korrupsiya botqog‘iga botgan mansabdorlarga, ta’bir joiz bo‘lsa, ba’zi zo‘ravonlarga qarshi dadil, ochiq-oshkora kurashishga ziyolilar-u jurnalistlar ojiz qolganimizni tan olish kifoya... Biroq, o‘shanda ham hech kim uxlagani yo‘q! O‘sha “uxladik” degan olim ham o‘nlab kitoblar yozibdi! U ta’lim sohasini rivojlantirish uchun ancha-muncha ishlar qilganini faxrlanib aytganini hamma eshitdi. 

Bir hamkasbimiz biroz qizishib 25 yil mobaynida OAVda yoritilgan barcha axborotlarni “jannatdan xabarlar” deb yuborganida jurnalistlarimiz va shu yurt taraqqiyotida samarali hissa qo‘shib kelishgan ziyolilarimiz juda ranjishdi. (Bu gapni aslida olis va sovuq o‘lkada O‘zbekistonning mustaqil davlat bo‘lganini ko‘rolmay yurgan bir jizzaki og‘ziga erk berib gapirgandi, endi uni takrorlashga hojat bormikin?) Axir, murakkab o‘tish davrida amalga oshirilgan ezgu ishlar haqida faxr bilan maqolalar, xabarlar yozgan bo‘lsak nimasi yomon? Kimdir hayajon ichra biroz oshirib-toshirib yozgandir. U ham o‘z haqiqatini, qalbi buyurganini yozgan! 

Yuqorida qayd etilgan muammolarni ochiq yozganing bilan OAVda yoritish imkoni bo‘lmagandir. Shunda ham biror marta tanqidiy maqola yoki ko‘rsatuv yoritilmagan, deyish qanchalik to‘g‘ri? Axir, tanqidiy-tahliliy maqolalarning ko‘pini o‘qib, xulosalar chiqarar edik-ku. Qani, 25 yillik gazetalarimiz taxlamlaridan “jannatdan xabarlar” degan gapga mos tushadigan birorta maqola topib ko‘rsata olasizmi? Qizig‘i shundaki, aynan o‘sha gapni aytgan hamkasbimizning o‘zi ham murakkab davrlarda o‘nlab dolzarb mavzularda maqolalar yoritgan, tanqidiy-tahliliy ko‘rsatuvlari shov-shuv bo‘lgan edi-ku. Qolaversa, o‘zlari ham ortda qolgan chorak asrda olim va jurnalist bo‘lib yetishgan, jamiyat taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganlar, xizmatlariga yarasha unvonlar olishgan. Demak, o‘zlari ham uxlamagan! 

Unda kimni “uxlagan”ga, qaysi maqola yo ko‘rsatuvni “jannatdan xabar”ga chiqarishmoqda?! Qani bu gaplarda mantiq? 

Dangalini aytadigan bo‘lsak, bugun ham uxlaydiganlar uxlab, qalbi uyg‘oq zamondoshlarimiz hayotga teran nazar bilan boqib turishibdi. 

Jamiyat yolg‘on-yashiq gaplar bilan hech qachon rivojlanmaydi. 

Odamda tushkun kayfiyat uyg‘otadigan gaplar aslo yaxshilik keltirmaydi. 

Ko‘tarinki ruhgina insonga madad va kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Shunday ekan, chorak asr zahmat chekkanlarning nafsoniyatiga bunaqa bo‘lmag‘ur gaplar bilan tegish yaramaydi. Kim xato qilgan bo‘lsa o‘zi javob bersin, jinoyat botqog‘iga botganlar jazosini olsin. Biroq, hech qachon hammani “uxlagan”ga chiqarib odamlarni yerga urmang! Buyuk kelajakni ham mana shu mard va olijanob, qalb ko‘zlari uyg‘oq xalqimizning o‘zi quradi! 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jasorati va tashabbuslari bilan mamlakatimiz bugun taraqqiyot sari dadil ilgarilab borayotgan ekan, shunga yarasha siz ham mard va olijanob bo‘lishga intiling! Kechagi kunimizga tosh otish o‘rniga ertangi umidli yo‘llarimizni charog‘on qilish haqida o‘ylasangiz va gapingizni ham o‘ylab gapirsangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Fikrlar, bahslar maydoniga aylangan “Munosabat” ko‘rsatuvida aytishni istagan muxtasar gaplarim shulardan iborat edi. 

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!