«Alloh xohlagan kimsani hidoyatga solar»

«Alloh xohlagan kimsani hidoyatga solar»

Mening bir muhandis do‘stim Britaniyada istiqomat qilar edi. U menga bir oilani tanishtirdi. Ushbu oilada yashovchi bir qiz Alloh taoloning hidoyatini topib Islomga kirdi. Islom uning qalbi va aqlida mustahkam o‘rnashdi. Keyin u ota-onasini Islomga kiritishga uruna boshladi, ko‘p urindi, lekin ilojini qila olmadi.

Keyin uning onasi xatarli dardga chalinib qoldi. U onasiga qattiq xizmat qilib parvarishladi.

Bemor shifoxonaga olib kelindi. Qiz onasining oldida o‘tirib holidan xabar olar edi. Hamda unga Islom va iymon haqida aytib berishga harakat qilardi. Onasining so‘nggi nafasi yaqinlashib qolganida qiz qat’iy turib oldi.
Shunda onasi: “Ha xo‘p, nima deyishim kerak?” – dedi.

Shunda qiz onasiga “laa ilaaha illalloh” kalimasi haqida aytib berdi. Kishi shahodat kalimasini aytib Islomni qabul qilsa, uni musulmonlar qabristoniga dafn etilishi va Islom an’analariga muvofiq ish ko‘rilishi haqida batafsil tushuntirib berdi.

Keyin qiz Londondagi Islom markazi bilan bog‘landi. Markazdagi Pokistonlik adminstrator unga javob berdi. Shunda qiz onasini Islomga kirmoqchi ekanini, shuning uchun bu holatga ikki kishi guvoh bo‘lib kelishlari kerakligini iltimos qilib, o‘zi turgan joyning manzilini berdi.

Keyin markazdan vakillar aytilgan manzilga keldi. U shifoxonaga kirganda qizning onasi jonlantirish bo‘limida yotgan edi. Kelgan vakil ularga qarab shunday holatni ko‘rdi.

Qiz onasining oldida o‘tirib uning quloqlariga “laa ilaaha illallohu, laa ilaaha illallohu” – der edi. Vakil ham kelib, chetdagi stulga o‘tirdi va u ham “laa ilaaha illallohu”ni ayta boshladi.

Shunda bemor ona ko‘zlarini ochdi va ko‘rsatkich barmog‘ini ishora qilib sof arab tilida “laa ilaaha illallohu” kalimasini aytdi. Keyin ingiliz tilida: “Allohning farishtalari hush kelibsiz, marhabo” – deya jon taslim qildi.

Bu qanday ko‘rinish, qanday surat?!

Alloh taolo uning Islomini qabul qildi. Alloh uning Islomini bu so‘zlarisiz ham qabul qilar edi. Lekin Alloh bu holatni kim uchun qildi? Ushbu qizga O‘zining marhamatini ko‘rsatish uchun onasiga shu so‘zlarni gapirtirdi. Toinki qiz onasining Alloh taologa haqiqiy mo‘min holida ketganini ko‘rib xotirjam bo‘lsin deb shunday qildi. Endi ikkinchi ko‘rinish. Men bu ko‘rinishni ilgari ham ko‘p marta aytib bergan edim.

Shahrimizdagi bir kishi, u hayotini behuda narsalar bilan o‘tkazgan va rizqini ham o‘yin kulgi orqali topgan edi. Uning ham kasali og‘irlashib o‘lim to‘shagiga yotib qoldi. Jon talvasasi keldi. Jon talvasasi, o‘lim oldidagi talvasa – uning farzandlari hozir hayot, biz bilan birga yashamoqda. Ular ham mening so‘zimni tasdiqlaydilar – haligi odam ko‘zlarini chaqchaytirib: “Mana bu odam kim? To‘pponcha qani? Menga to‘pponchamni bering! Menga to‘pponcha kerak. To‘pponcha, to‘pponcha...” – dedida ovozi sekinlashib, vafot etdi.

Mana sizga ikki ko‘rinish. Yuqoridagi va keyingi ushbu ikki ko‘rinish.

Inson har doim o‘zining yaxshi xotimasiga kafolat bo‘ladigan duoni ko‘paytirishi kerak. Ko‘p duo qilishi lozim.
Allohim hayotimizni to senga ro‘baro‘ bo‘lgunimizgacha o‘zinga mahbub bo‘lgan amallar bilan tugatgin.

Imom Butiy

Abdulloh G‘ulomov,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!