Aleksey Soy: "Pandemiyaga qarshi O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga arziydi"

Aleksey Soy: "Pandemiyaga qarshi O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga arziydi"

Yurtimizga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Erali Tugjanov boshchiligidagi delegasiya  a’zolari mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishishda davom etmoqda.

Delegasiya a’zolari Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bo‘lib, koronavirusni davolash borasidagi O‘zbekiston tajribasi bilan tanishishdi.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektar maydondagi 2 ta kompleksni o‘z ichiga oladi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Muassasa 4 ming o‘ringa mo‘ljallangan. 

Reanimasiya bo‘limlarida har bir koyka sun’iy o‘pka ventilyasiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Ekspress-test usulida qondagi antitanachalarni 10 daqiqada aniqlash imkoni yaratilgan. 

Shuningdek, qabul-diagnostika bo‘limida  multispiral kompyuter va magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen hamda zamonaviy ultratovush diagnostikasini bir vaqtning o‘zida bajarish mumkin.

— O‘zbekistonning qisqa fursatlarda shunday ulkan majmuaning barpo etgani mamlakatning salohiyatidan darak beradi, albatta, — dedi Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy. — Pandemiyaga qarshi O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga arziydi. Ayniqsa, davlatlarimiz orasida bu boradagi hamkorlik ko‘proq samara beradi, deb o‘ylaymiz. Chunki bir mintaqada yashayotgan, iqlim sharoitlari, yashash tarzi bir-biriga yaqin bo‘lgan aholi orasida virusning tarqalish tabiati ham bir-biriga yaqin bo‘lishi kuzatiladi. 

Shuningdek, Qozog‘iston delegasiyasi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tashrifdan so‘ng mamlakatimiz  farmasevtika korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi. 

Delegasiya safari davom etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!