8 mart fojiasi: xotinini pichoqlagan o‘zbekistonlik erkak otib tashlandi

8 mart fojiasi: xotinini pichoqlagan o‘zbekistonlik erkak otib tashlandi

Nyu-Yorkda xotinini pichoqlagan o‘zbekistonlik erkak polisiya tomonidan otib o‘ldirildi. Bu haqda daryo.uz xabar berdi.

Hodisa 8 mart xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ziyofat chog‘ida yuz bergan. Pichoq bilan qurollangan Jamshid Ne’matov «qurolni tashlash» buyrug‘ini rad etganidan keyin polisiya tomonidan otib tashlangan. Uning rafiqasi 43 yoshli Amira Ne’matova hozirda kasalxonada davolanmoqda va erining o‘limidan xabardor emas.

Oilaning ismini oshkor etmagan qarindoshiga ko‘ra, erkakning sog‘lig‘ida muammolar bo‘lgan.

«Unda gallyusinasiyalar kuzatilar edi. Bu depressiya bo‘lishi mumkin. Ruhiy salomatlik.... Uning boshida nimadir kechar edi», — deydi u.

46 yoshli Jamshid Ne’matov grija sababli kuchli jismoniy og‘riqni boshdan kechirgan va bu uning ishlashiga to‘sqinlik qilgan. Ruhiy muammolar bir oy oldin boshlangan, erkakning «ko‘ziga turli narsalar ko‘ringan» va «o‘ziga o‘zi gapirish»ni boshlagan.

“U davolanishi kerak edi, lekin shifokorga bormadi. Amira (rafiqasi) undan xavotirlanardi. Bo‘lib o‘tgan hamma narsadan keyin ham u erining ahvolini so‘radi: «Mening erim qanday?», deb ta’kidladi qarindoshi.

Marhumning rafiqasi erining o‘lganini bilmaydi. U Elmhurst tibbiyot markazida operasiyani boshdan kechirgan va yana jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekistonlik er-xotinning to‘rt nafar farzandi: 23 va 20 yoshli ikki qizi hamda 17 va 14 yoshli ikki o‘g‘li bor.

«Ular oila qurganiga 20 yildan oshgan. Chiroyli turmushi bor edi. Baxtli hayot kechirishar edi. Bu qanday sodir bo‘lganini bilmaymiz», — deydi oilaning qarindoshi.

«Men voqea yuz berganidan keyin keldim. Koridorda qon bor edi. Ular uni (Jamshid Ne’matov) jonlantirishga harakat qilishdi. Amirani 8 mart bilan tabriklab, unga gullar sovg‘a qilmoqchi edim, lekin o‘z vaqtida ulgurmadim», — deydi qarindoshlardan yana biri.

«Voqea kuni biz ko‘plab tortishuv va qichqiriqni, koridorda bolalarning ovozini eshitdik. Keyin bir oz, ehtimol bir-ikki daqiqa jimjitlik bo‘ldi, keyin to‘rtta o‘q ovozi eshitildi. Bu haqiqatan ham qo‘rqinchli edi. O‘q ovozlari baland edi», — deydi qo‘shni Marsella Rueda.

Unga polisiya qandaydir janjal bo‘lganini aytgan. Pichoqbozlikdan bir necha soat oldin xotini akasiga qo‘ng‘iroq qilib, u va eri o‘rtasida muammolar borligini ta’kidlagan.

Polisiya xodimlarining aytishicha, erkakka pichoqni tashlash buyurilgan, biroq u bunga rozi bo‘lmagan va quroli bilan «hujum qilgan». Ofiserlardan biri elektorshoker bilan zarba bergan, ikki ofiser esa kamida to‘rt marta o‘t ochgan.

«Ular juda yaxshi oila, juda tarbiyali. Qizlari bizni doim hurmat qilishardi», — deydi qarindoshlar.

Qo‘shnilar esa bu oilada hech qachon janjal kuzatilmaganini qo‘shimcha qilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!