47 nafar fuqaroning qamoqdan ozod bo‘lishiga kim yordam berdi?

47 nafar fuqaroning qamoqdan ozod bo‘lishiga kim yordam berdi?

Joriy yil 14-15 noyabr kunlari hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi murojaatlarini o‘rganib chiqish maqsadida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi Navoiy viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabullarda fuqarolar murojaatlarini o‘rgandi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida hududlardagi muammolar va fuqarolar murojaati o‘rganib chiqildi.
 
Shuningdek, ishchi guruh vakillari Navoiy viloyatida joylashgan Jazoni ijro yetish muassasalarida bo‘lib, jazo muddatini o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tgan, qilmishidan chin dildan pushaymon 47 nafar mahkumni jazoni ijro etish muassasasidan ozod etgan. Ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan 20 nafar shaxsni saqlash sharoitini jazoni o‘tash vaqtida o‘zgartirish haqidagi taqdimnomalar qanoatlantirilgan.
 
– Ishchi guruh ko‘magi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda jami 27 nafar shaxsga nisbatan 17 ta jinoyat ishi ko‘rilib, ularning 20 nafariga nisbatan 10 ta jinoyat ishi tamomlandi, deydi Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rahbari, leytenant O‘ktam Usmonov.
 
Shuningdek, 7 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi taraflarning yarashuvi asosida harakatdan to‘xtatilgan. 5 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan. Bundan tashqari, sudlar tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish hamda jazoni yengilrog‘iga almashtirish bilan bog‘liq 91 material ko‘rib tamomlangan.
 
Ikki kun mobaynida viloyat va tuman Xalq qabulxonalariga jami 78 nafar fuqaro murojaat qilgan. Shundan 15 nafar fuqaroning murojaati va shikoyati qabul qilingan, 63 nafar fuqaroga tegishli sudlarga murojaat etish huquqi va tartibi tushuntirilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudlarida jami 96 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan. Uning 17 tasi nikohdan ajratish ishlari bo‘lib, 4 ta oilani yarashtirishga erishilgan. Shuningdek, viloyat ma’muriy sudlarida jami 163 shaxsga nisbatan 126 ta ma’muriy ish sayyor sud majlislarida ko‘rilgan va 56 shaxs ogohlantirilib, ma’muriy ishlar harakatdan to‘xtatilgan.
 
O‘zAning xabar berishicha, viloyat iqtisodiy sudlarida ham ikki kun davomida 62 ta iqtisodiy ish sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!