2024 yilda mahsulot tannarxi 1,95 trillion so‘mga pasaytirildi
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Firuza Turg‘unova 2024 yildagi faoliyat yakunlari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi.
Yakuniy sarhisobga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi issiqlik elektr stansiyalari elektr energiyasini ishlab chiqarish rejasini ortig‘i bilan bajarishga erishdi. Jumladan, 29,1 milliard kilovatt soat elektr energiyasi o‘rniga, amalda 31,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va mo‘ljal 110 foizga bajarildi.
Shuningdek, 2024 yilda 11,1 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, tarmoqqa uzatildi. Yoqilg‘ilarni iqtisod qilish bo‘yicha rejadagi 700,5 million metr kub tabiiy gaz o‘rnida, amalda 1 milliard metr kub tabiiy gaz iqtisod qilindi va maqsadli ish 147,9 foizga uddalandi. Elektr energiyasini iqtisod qilish bo‘yicha rejadagi 117,8 million kilovatt soat o‘rniga 163,5 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Bu ko‘rsatkich 138,8 foizni tashkil etdi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 58,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejasi belgilangan bo‘lib, amalga oshirilgan ko‘rsatkich 61,3 milliard so‘mga, ya’ni 104 foizga bajarildi. Kooperasiya aloqalari va ushbu dastur orqali importni qisqartirish maqsadida 20,1 million AQSh dollari qiymatida prognoz qilingan mablag‘ning o‘rnida 21 million AQSh dollari iqtisod qilindi va bu 104,2 foizga bajarildi.
Investisiya loyihalari bo‘yicha reja bo‘yicha 616,94 million AQSh dollari o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda esa 646,14 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu ish 104,7 foizga uddalandi. 2024 yil may oyida“Toshkent IEM”da 32 MVt quvvatga ega ikki gaz turbina qurilmasi ishga tushirildi. Shuningdek, 13 dekabrda Olmazor tumanida kogenerasiya loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
2024 yilda mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida amalga oshirilgan choralar natijasida 1,95 trillion so‘mga tannarxni pasaytirishga erishildi va reja 118 foizga bajarildi.