Tungi "boyevik": Samarqandda inspektorlar va qonunbuzarlar o‘rtasida "jang" sodir bo‘ldi (VIDEO)
Ekologiya vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Samarqandda ikkita reyd o‘tkazildi.
Birinchi reydda Qoradaryo daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi, Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olinayotganligi va holat joyiga yaqin tosh maydalash sexiga olib borilayotganligi ma’lum bo‘lgan. Natijada tabiatga 118 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ikkinchi holatda esa, Zarafshon daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi, Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 04:30 da Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududidan 7 ta ekskavator va 25-30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shag‘al qazib olinayotganligi hamda tosh maydalash sexlariga olib borilayotganligi aniqlangan. Bu qonunbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 708 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirilgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Dastlabki o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilganligi sababli bog‘ hududida 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketgan.
Har ikki holatda ham huquqbuzarlar inspektorlarga bo‘ysunmagan va keskin qarshilik ko‘rsatgan. Inspektorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, huquqbuzarlik holatiga chek qo‘yishgan.
Ma’lumot uchun, “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Moratoriy davrida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
Unutmang! Ekologiya vazirligi va vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan noqonuniy qum-shag‘al materiallarini qazib olishga qarshi doimiy reyd tadbirlari olib borilmoqda. Bu boradagi har qanday huquqbuzarlik qat’iy jazolanadi!