Trampning inaugurasiyasiga kimlar keladi?
Saylangan Prezidenti Donald Tramp AQShning o‘z inaugurasiyasiga xorijiy davlat rahbarlarini taklif qilgan birinchi rahbari bo‘ldi.
2025 yil 20 yanvarda u Qo‘shma Shtatlarning 47-prezidenti sifatida vazifasini bajarishga kirishadi. Shu tariqa inaugurasiya marosimidan so‘ng vise-prezident Jey Di Vensom bilan birga mamlakatni rasman ikkinchi muddat boshqara boshlaydi.
1981 yildan beri Kapitoliy binosida uyushtirilayotgan marosimni barcha yangiliklar kanallari, ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rish mumkin.
Tadbirda qator siyosatchilar, jumladan xorijliklar ham ishtirok etishi kutilyapti.
Ma’lumki, Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisini inaugurasiyaga taklif qilgan, biroq Si Szinpinning okean ortiga borishi hali aniq emas. CNN ma’lumotiga ko‘ra, marosimda Xitoydan rahbarning o‘rniga yuqori martabali amaldorlardan iborat delegasiya hozir bo‘ladi.
Argentina Prezidentining matbuot kotibi Manuel Adorni Xavyer Miley Amerikaga safar qilishni rejalashtirganini aytgan. Shuningdek, Trampning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan Salvador yetakchisi Nayib Bukele va Italiya Bosh vaziri Jorje Melani hamda Vengriya hukumati rahbari Viktor Orbanga ham taklifnoma yuborilgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ishtiroki esa kutilmayapti. Kreml Amerika yetakchisining qasamyod marosimiga taklifnoma olmaganini tasdiqladi, deb yozgan “Sky News”.
“Associated Press” xabariga ko‘ra, Donald Tramp Ukraina yetakchisi ham tadbirga taklif qilinmaganini aytib, “mabodo istagi bo‘lsa, kelishini istardim” deya qo‘shimcha qilgan.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yangi diplomatik davrni boshlamoqda. Xorijiy davlatlar rahbarlari ishtiroki masalasi murakkab va noaniq bo‘lsa-da, mehmonlar orasida AQShning amaldagi Prezidenti bo‘lishi ma’lum. Zero, Oq uy o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Jozef va birinchi xonim Jill Baydenlar Amerikaning yangi Prezidenti inaugurasiyasida ishtirok etishini tasdiqlagan.
Shuningdek, Kongress a’zolari, Oliy sud, yuqori martabali harbiy amaldorlar, sobiq prezidentlar va vise-prezidentlar, AQShning oliy harbiy mukofoti – “Shon-sharaf” medali sohiblari, shuningdek oila a’zolari, jumladan Melaniya va ularning o‘g‘li Barron ham ushbu marosimda ishtirok etadi.
Ayni payt o‘sha kuni namoyishchilar faolligi kuzatilishini ham inkor etib bo‘lmaydi, chunki 2017 yil Trampning birinchi inaugurasiyasi vaqtida ham butun mamlakat bo‘ylab olomon ko‘tarilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 4 milliondan ko‘p odam ko‘chalarga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, Respublikachilar partiyasi yetakchisi Donald Tramp 2024 yil 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozondi. U 120 yil ichida mag‘lubiyatdan keyin hokimiyat tepasiga ko‘tarilgan birinchi AQSh prezidentiga, Amerika tarixida o‘zining birinchi muddatidan to‘rt yil o‘tib qayta saylangan ikkinchi prezidentga aylandi.