Rossiya KXDRning 12 ming askari yordamida Kurskning yarmini qaytarib oldimi?
Ukraina harbiylari Kursk viloyatidagi shafqatsiz janglar haqida gapirdi. Rossiyaning Kursk viloyatidagi janglar Ukraina va Rossiya Federasiyasi o‘rtasidagi kelajakdagi tinchlik muzokaralarida potensial roli tufayli alohida ahamiyatga ega. Ukraina Rossiya hududidan “ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida” foydalanishga umid qilmoqda, deb yozadi The New York Times.
"Ruslar bu hududni har qanday narx evaziga qo‘lga kiritishi kerak va ular bunga barcha kuchlarini tashlayapti, biz esa uni saqlab qolish uchun bor kuchimizni sarflayapmiz," - deb aytadi nashrga Ukraina piyoda vzvodining 46 yoshli qo‘mondoni Aleksandr. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari ruslarning texnikasi va piyodalarini shunchalik ko‘p yo‘q qilmoqdaki, "buni tasavvur qilish ham qiyin", hamda shimoliy koreyalik piyodalar janglarni yanada shafqatsizroq qilganini ta’kidlaydi.
Vzvodning boshqa ukrainalik harbiy qo‘mondoni Alekseyning so‘zlariga ko‘ra, "shimoliy koreyaliklar kelishi bilan vaziyat keskin yomonlashdi. Ular bizning frontlarimizga ommaviy ravishda bosim o‘tkazmoqda, zaif joylarni topib, ular orqali yorib o‘tmoqda."
Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya Koreya Xalq Demokratik Respublikasining 12 ming askari yordamida yozda yo‘qotilgan Kursk viloyati hududining qariyb yarmini qaytarib olishga erishgan. Ukraina harbiylari esa, o‘z navbatida, Sujaning g‘arbida mustahkamlanishga harakat qilib, qarshi hujumga o‘tgan.
47-mexanizasiyalashgan brigadaning batalyon komandiri Aleksandr Shirshinning aytishicha, Rossiya Kursk viloyatida o‘zining elita qo‘shinlari va eng yaxshi zaxiralaridan foydalanmoqda. Shu bilan birga, u uch yillik urush davomida harbiylar ruhiy holati pasayganini tan oladi.