2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qator vakolatlari bekor qilinadi

2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qator vakolatlari bekor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan tahlillar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qog‘ozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan ko‘plab yig‘ilish va majlislar o‘tkazish amaliyoti saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralarning quyidagi takliflariga rozilik berildi:

a) 2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlarini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazish;

b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagilarni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlarini chiqarib tashlash:

texnologik, o‘rmon-meliorasiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;

buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

atmosfera havosini ifloslantirishning turg‘un manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bog‘liq faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;

o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilish;

bozor faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qilish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!