Rossiya ichki ishlar vaziri foydasiz migrantlarni mamlakatdan chiqarishni taklif qildi

Rossiya ichki igshlar vaziri Vladimir Kolokolsev ishsiz, o‘qishdan chiqarilgan va rus tilini bilmaydigan migrantlar mamlakatni tark etishi shartligini bildirdi.
Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev «jamiyatga foyda keltirmayotgan» migrantlar Rossiyani tark etishi kerakligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ishsiz, o‘qishdan chiqarilgan, daktiloskopiyadan o‘tmagan yoki rus tilini o‘rganmagan xorijliklar Rossiya ko‘chalarida bo‘lmasligi kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilikni oldini olish va aybdorlarni jazolash uchun tizimli choralar ko‘rilishi lozim. Shuningdek, migrasiya bo‘limlarida hujjatlarni rasmiylashtirish tez va shaffof amalga oshirilishi zarur.
2024 yil bahoridan Rossiyada migrasiya siyosati qat’iylashtirilgan. Noqonuniy migrantlar bo‘yicha maxsus baza joriy qilingan, bolalar rus tili bo‘yicha sinovdan o‘tkazilmoqda, ayrim holatlarda deportasiya va kirish taqiqlari qo‘llanilmoqda.
Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari Rossiyadagi fuqarolariga nisbatan bosimlar yuzaga kelayotganidan norozilik bildirishgan. Masalan, Tojikiston Bosh vaziri rossiyalik rasmiylar «beparvo va noaniq sabablar» bilan deportasiya qilmoqda, deb bayonot bergan.
Avvalroq O‘zbekiston TIV ham rossiyalik hokimiyatlar tomonidan yurtimiz fuqarolariga nisbatan tekshiruvlar va hurmatsiz munosabat bo‘yicha rasmiy nota bilan murojaat qilgan edi. Rossiya tomoni esa notani diqqat bilan ko‘rib chiqishini bildirgan.