«20 yildan buyon birga yashamasa, yarashish muddati nega kerak?»

«20 yildan buyon birga yashamasa, yarashish muddati nega kerak?»

– Turmush qurganimga 20 yil bo‘ldi. Ikki nafar farzandim bor. Erim sobiq xotini bilan rasman ajrashmagan. Yaqinda shu masalani hal etish uchun sudga ariza berganda, sobiq xotini ajrashishni istamasligini aytib, muddat so‘rabdi. Shuncha yildan buyon birga yashasa, muddat nega kerak? Sud 6 oy muddat bergan. Keyin nima bo‘ladi? Sud uzoq yillardan buyon birga yamashayotganini inobatga olmaydimi?

Ismi sir tutildi

Guli SHUKURLAYEVA, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi rais o‘rinbosari:

— Oila kodeksining 1-moddasiga asosan oila to‘g‘risidagi qonunchilikning vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a’zolarining mas’ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikdan, oila a’zolari o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.

Sud nikohdan ajratish haqidagi da’vo talab bo‘yicha yuritilgan fuqarolik ishini ko‘rayotgan vaqtda Oliy sud Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-sonli Qarori va Oila kodeksi 1-moddasining ikkinchi qismi talabiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar (bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari, vaqtinchalik kelishmovchilik va boshqalar) aniqlanganda, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud o‘z tashabbusi bilan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rilishini keyinga qoldirishga va Oila kodeksi 40-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, Oila kodeksining 218-moddasi talablarini inobatga olgan holda yarashish uchun beriladigan muhlat uch oydan kam bo‘lishi samarasiz hisoblanadi. Shu qonun normasini fuqarolar muddat deb qabul qiladi.

Shuningdek ajrashish soni ko‘payib ketganligini sababli, oilani saqlab qolish maqsadida sud tomonidan muddat berilgan vaqtda yarashish uchun berilgan muddat haqidagi ajrim taraflarning yashab turgan tuman hokimligi qoshidagi oila va xotin-qizlar bo‘limiga yuboriladi va ulardan xulosa olinadi, ya’ni haqiqatdan ham ushbu oilani saqlab qolish imkoni bor yoki yo‘qligi, boshqa sha’riy nikoh tuzganligi, ushbu munosabatlardan farzandlari ham borligi aynan berilgan muddat ichida aniqlanadi va agar haqiqatdan ham sud tomonidan qilingan xarakatlar ijobiy natija bermasa sud ushbu oilani saqlab qolish imkoni yo‘q degan xulosaga keladi va taraflar o‘rtasida tuzilgan nikohni bekor qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!