Zelenskiy: "Ukraina karantinni bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda" 

Zelenskiy: "Ukraina karantinni bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda" 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatda yaqin vaqt ichida COVID-19 sabab e’lon qilingan cheklov me’yorlari yumshatilishini bildirdi. Bu haqda «Interfaks-Ukraina» xabar berdi.

«Biznes karantin tartibidan chiqishga tayyorgarlik ko‘rishi, ya’ni mahsulotlar sotib olishi, ularni dezinfeksiya qilishi, shuningdek, odamlarni mamlakatda yangi ish haftasiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirishi lozim», — degan Zelenskiy 4 may, dushanba kuni, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 11 maydan maishiy vositalar sotiladigan ulgurji va chakana savdo ob’ektlari (savdo-ko‘ngilochar markazlari bundan mustasno), go‘zallik salonlari, avtosalonlar, muzeylar, kutubxonalar va boshqa jamoat muassasalari ochiladi, ularda sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Shuningdek, yozgi kafe maydonchalari va restoranlarning ishlashiga ham ruxsat beriladi hamda ko‘ngilochar bog‘lar, xiyobonlar va dam olish maskanlaridagi cheklovlar nisbatan yumshaydi.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal esa karantinning 22 maygacha uzaytirilishini ma’lum qilgan.

«Buyog‘iga pandemiyaning butun dunyodagi holatiga, kasallikning tarqalishiga va mamlakatdagi kasallanish holatlarining soniga qaraladi», — degan Shmigal.

«Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun karantin choralarini yumshatish kerak, biroq epidemiologik vaziyat chigallashsa, iqtisodiy holat ham yomonlashishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham global favqulodda holat muddatini uzaytirgan», — dedi Ukraina hukumati rahbari.

Ukrainada  24 martda favqulodda holat tartibi e’lon qilinib, maktablar, do‘konlar (aholi uchun zarur, birlamchi mahsulotlar sotiladigan do‘konlardan tashqari) yopilgan, metro faoliyati to‘xtatilgan va chegaralar yopilgan.

Ma’lumot uchun, Ukrainada COVID-19’ga chalinganlarning umumiy soni 12 331 nafarni tashkil qilmoqda, 303 kishi infeksiya oqibatida vafot etgan, 1619 nafar bemor koronavirusdan tuzalgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!