Yana bir o‘zbekistonlik "vor v zakone" bo‘ldi

Yana bir o‘zbekistonlik "vor v zakone" bo‘ldi

12 aprelda Istanbulda postsovet jinoyat olamining yuqori martabali o‘nlab vakillari vor larning yopiq uchrashuvida ( sxodka si) o‘zbekistonlik Axtam Samarkandskiy laqabli Axtam Yoqubovga vor v zakone unvoni berildi, deb xabar qildi Prestupnaya Rossiya portali Ozodlik radiosiga tayanib.

Axtam Samarkandskiy Baxti Tashkentskiy laqabli Baxtiyor Qudratillayevdan keyin 22 yil o‘tib, vor v zakone rutbasiga loyiq topilgan ikkinchi o‘zbekistonlikdir.

Vor v zakone jinoyatchilar orasida katta obro‘-e’tibor qozongan shaxsga jinoyat olami elitasi vakillari tomonidan beriladigan unvon. Vor v zakone faqat sobiq Sovet ittifoqi hududiga taalluqli voqelikdir.

42 yashar Axtam Yoqubov umrining qariyb 17 yilini Birlashgan Arab Amirliklarida panjara ortida o‘tkazgan.

Axtam Yoqubovga istisno tariqasida vor v zakone unvoni berilgan. Bunday unvonni berishga 4,5 yildan beri moratoriy e’lon qilingan edi. Moratoriyni 2014 yil oktabrida o‘g‘rilar dunyosida nihoyatda katta obro‘ga ega Shakro Molodoy ( vor v zakone Zaxariy Kalashov) jinoyat olamidagi ziddiyatlarni bartaraf etish va o‘g‘rilarga hokimiyat bosimini kamaytirish maqsadida kiritgandi.

Istanbuldagi yig‘ilish tafsilotidan xabardor jinoyat olami vakilining Ozodlikka aytishicha, unda sobiq Sovet ittifoqining turli respublikalaridan bo‘lgan vor v zakone rutbasidagi kriminal avtoritetlarning 15 nafari ishtirok etgan, yana o‘nlab o‘g‘riboshilar yig‘ilishda telefon orqali qatnashganlar.

Sxodka gurjistonlik vor v zakone Temuri Nemsisveridzening (laqabi Sripa) tashabbusi bilan o‘tkazilgan, unga vor v zakone David Chxikvishvili (laqabi Dato Surgutskiy) boshlovchilik qilgan.

Sxodkaga bevosita aloqador kriminal avtoritet esa Ozodlikka Shakro Molodoydan dobro olingandan keyingina Temuri Nemsisveridze Axtam Samarkandskiyga istisno tariqasida o‘g‘ri unvoni berilganini bildirdi.

Sripa istisno tariqasida Axtamning yoshini va 16,5 yil o‘tirib chiqqanini inobatga olib, o‘g‘rilar rasm-rusumlari doirasida koronovat qildi.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Istanbuldagi sxodkaga internet orqali bog‘langan o‘nlab o‘g‘riboshilar, jumladan o‘rtaosiyolik va kavkazlik avtoritetlar Axtam Samarkandskiy nomzodini qo‘llab fikr bildirganlar.

Qirg‘izistonlik Kolya Qirg‘iz laqabli Qamchi Kelboyev va Birlashgan Arab Amirliklaridan Lotu Guli laqabli ozarbayjonlik vor v zakone Nodir Salifov ham Axtam Yoqubovga o‘g‘ri toji ni kiydirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlar.

O‘zbekistonda hozirgacha yagona vor v zakone Baxti Tashkentskiy laqabli 47 yashar Baxtiyor Qudratillayev bo‘lgan.

Biroq, jinoyat olamidagi avtoritetning aytishicha, sxodkadan bir muncha avval Baxti Tashkentskiy O‘zbekistonda yana bir vor v zakone paydo bo‘lishiga e’tirozi yo‘qligini bildirgan.

1976 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan Axtam Yoqubov o‘tmishi haqida ma’lumot ko‘p emas.

Ozodlik ikki manbadan Axtam Yoqubov haqida quyidagilarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi:

  • Axtam Yoqubov 1998 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘zbek ayollarini fohishalikka majburlagan ayol va uning tansoqchisini o‘ldirishda aybdor deb topilib, dastlab bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan, so‘ngra mazkur jazo 25 yilga o‘zgartirilgan.
  • Dubay qamoqxonasida ekanligida 12 yil davomida turli millat vakillaridan iborat mahkumlarga smotryashiy bo‘lgan.
  • Qamoqdaligida toshkentlik Ravshan Zolotoy laqabli Ravshan Muhiddinov bilan uchrashgan.
  • Ravshan Muhiddinov vositasida o‘g‘rilar olamining yetakchi vakillari bilan tanishgan.
  • Axtam Yoqubov jazo muddatining uchdan ikki qismini ado etgach, 2015 yil oxirida ozodlikka chiqqan va Ravshan Muhiddinov ko‘magida Turkiyaning Istanbul shahriga kelgan.

minbar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!