O‘zbekiston Quvaytdan aviasiya yoqilg‘isini xarid qilmoqchi
Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Quvayt Davlatiga amaliy tashrifi doirasida Quvayt neft vaziri va Kuwait Petroleum Corporation raisi Tareq Suleiman Al-Roumi hamda savdo va sanoat vaziri Xalifa Al-Askar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlik, logistika va savdo, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviasiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditasiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Quvayt Davlatining elektroenergetika, suv resurslari va qayta tiklanuvchi energetika vaziri, moliya vaziri vazifasini bajaruvchi hamda iqtisodiy masalalar va investisiyalar bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi doktor Sabih Abdulaziz Al-Muhayzim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda investisiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki tomonlama savdoni kengaytirish, shuningdek «Fors ko‘rfazi mamlakatlari – Markaziy Osiyo» Taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish tashabbusi va boshqa o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston-Quvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ilgari surish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi.
Shuningdek, elektron tijorat, islomiy moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Quvayt ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tashrif yakunida iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
