Zelenskiy Berlindagi muzokaralardan so‘ng “tinchlik rejasi” bo‘yicha keyingi qadamlarni ochiqladi
Berlinda Ukraina va AQSh o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin Amerika tomoni Moskva bilan muloqot o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng yana bir AQSH–Ukraina uchrashuvi o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu uchrashuv kelasi haftaning oxiriga qadar bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Niderlandiyaga yo‘l olgan chog‘ida onlayn OAV uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar beradi “Evropeyskaya pravda”.
Zelenskiyning aytishicha, Berlindagi muzokaralar yakunidan keyin barcha tegishli hujjatlar yaqin ikki kun ichida tayyorlanishi lozim.
“Keyin, menimcha, AQSh yaqin kunlarda rossiyaliklar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi, shundan so‘ng ular AQSh prezidenti bilan muloqot qiladi. Undan keyin esa jamoalarimiz uchrashadi. Nazarimda, muzokara guruhlarimiz yaqin vaqt ichida AQShda uchrashadi, ehtimol, hatto shu dam olish kunlarida ham”, dedi Ukraina rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hujjatlar yakuniy bosqichga yaqinlashganidan so‘ng rahbarlar darajasida, xususan, AQSh prezidenti bilan uchrashuv masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Zelenskiy Kiyevda Berlindagi kabi formatda uchrashuv o‘tkazish istagini bildirdi.
“Biz bunday formatda ilk bor uchrashdik. Men Stiv Uitkoff, Jared Kushner, AQSh jamoasining bosh harbiy vakili, NATOning Yevropadagi ittifoqchi kuchlari oliy qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich hamda boshqalar bilan Kiyevda ham shu doirada muloqot qilishni juda istardim. Ayrim sabablarga ko‘ra AQSh jamoasi kelmadi, bu borada ularga hech qanday e’tirozim yo‘q”, dedi Zelenskiy.
