Andijonda 25 nafar aliment to‘lamay yurgan otalarning javobgarligi ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 12 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Paxtaobod tuman bo‘limi musiqa maktabi binosida aliment to‘lovidan bo‘yin tovlab yurgan shaxslarning javobgarlik masalasi sayyor sudda ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi ish yurituvida aliment undiruvi bilan bog‘liq 2,5 mingta ijro hujjati mavjud bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan ijro harakatlari davomida 10 mlrd. so‘mdan ziyod aliment pullari undirilib, undiruvchilarga topshirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida farzandlari moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelgan 132 nafar qarzdor shaxslarga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Sayyor sud jarayonida aliment to‘loviga befarq bo‘lgan 25 nafar otalarning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining sud buyrug‘iga binoan N.A. undiruvchi N.O. foydasiga
1 nafar farzandi uchun aliment to‘lashi kerak bo‘lsa-da, o‘z vaqtida aliment pullarini to‘lamay kelgan. Oqibatda qarzdorlik 22 mln. so‘mdan ortib ketgan.
Qarzdor T.N. ham bir nafar farzandi ta’minotiga loqaydlik bilan qarab, 33 mln. so‘mdan ziyod aliment qarzini to‘lamay kelgan.
Tadbir davomida farzandlarining moddiy ta’minotidan bosh tortib kelgan 22 nafar qarzdorlarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi belgilangan bo‘lsa, 3 nafar qarzdorlar aliment qarzlarini to‘liq to‘lab yuborganligi uchun sud zalida javobgarlikdan ozod etildi.
Bu kabi tadbirlar avvalambor bolalar manfaatlarini himoya qilish, ota-onalarning mas’uliyatini oshirish va ijtimoiy adolatni qaror toptirishga albatta xizmat qiladi.
✍️Faxriddin Qutbidinov, Byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi boshlig‘i
