Buyuk Britaniyada xavfli virusning yangi shtammi topildi
Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi (UKHSA) Angliyada mpox virusining yangi shtammi topilganini e’lon qildi, deb xabar beradi Sky News.
Infeksiya yaqinda Osiyodan qaytgan odamda aniqlandi.
UKHSA ma’lumotlariga ko‘ra, genomik testlar shuni ko‘rsatdiki, yangi shtammda mpox virusining ikkita kichik turi elementlari mavjud. Bu turli virusli nasllardan genetik materialni o‘z ichiga olgan rekombinant shakldir.
Agentlik shifokori Keti Sinka virus evolyusiyasi tabiiy jarayon ekanligini va keyingi tahlillar mpoxning kelajakda qanday o‘zgarishini yaxshiroq tushunishga yordam berishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik odatda yengil bo‘lsa-da, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, emlash virus bilan infeksiyaning oldini olish va jiddiyroq oqibatlardan himoya qilishning samarali chorasi bo‘lib qolmoqda.
Mpox belgilari orasida pufakchalar, dog‘lar yoki yaralar bilan teri toshmasi, shuningdek, isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i mavjud. Toshma odatda kasallikning dastlabki kunlarida paydo bo‘ladi.
Virus shikastlangan teri bilan bevosita aloqa orqali tarqaladi. Infeksiya yaqin jismoniy aloqa orqali yuqadi. U kiyim yoki choyshab kabi narsalar orqali ham yuqishi mumkin.
Emlash va gigiyena kabi profilaktika choralari infeksiya tarqalishidan himoya qilishning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda.
