Yangi bilim: Moskvada Bashar Asad rus tilini va oftalmologiyani o‘rganmoqda
Moskvada Bashar Asad rus tilini va oftalmologiyani o‘rganmoqda — The Guardian.
Suriyada hokimiyat ag‘darilgan Bashar Asad va uning oilasi Moskva va BAAda yopiq, ammo hashamatli hayot kechirmoqda, deb yozadi gazeta.
Nashrning ikki manbasiga ko‘ra, Asadlar oilasi Moskvadagi Rublyovka hududida yashaydi. Hozirda Bashar Asad rus tilini o‘rganmoqda va oftalmologiya bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirmoqda. Uning leykemiya bilan og‘rigan rafiqasi Asma Asad Rossiya maxsus xizmatlari nazorati ostida o‘tkazilgan eksperimental davolanishdan so‘ng Moskva butiklarida qimmatbaho kiyim-kechaklar xarid qilmoqda.
Suriya sobiq rahbarining oilasi ommaviy tadbirlarda deyarli ko‘rinmaydi. Istisno holat sifatida ularning qizi Zayn al-Asadning Moskva universitetlaridan biridagi bitiruv marosimi qayd etiladi. Biroq Asadning o‘zi ushbu tadbirda qatnashmagan. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, Bashar Asadning aloqalar doirasi nihoyatda tor. U na suriyalik, na rossiyalik elita vakillari bilan muloqot qilish imkoniga ega.
"Putin hokimiyat ustidan nazoratni yo‘qotgan yetakchilarga toqat qilmaydi, Asad esa endi ta’sirli shaxs sifatida ham, hatto kechki ovqatga taklif qilish mumkin bo‘lgan qiziqarli mehmon sifatida ham qabul qilinmaydi", — deydi nashr manbasi.
Sobiq prezidentning do‘stlaridan birini so‘zlariga ko‘ra, Bashar Asadning farzandlari "biroz karaxt holatda" va "birinchi oila maqomi yo‘qotilgan hayotga ko‘nikmoqda".
2024 yil dekabrida Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilgan, sobiq prezident esa Rossiyaga qochib ketgandi. Kreml rasmiy ravishda unga “gumanitar maqsadda” siyosiy boshpana berganini bildirgan edi.
