Xorazmdagi 20,4 mlrd. so‘mlik tenderda tender raisining ukasi g‘olib bo‘ldi

Xorazmdagi 20,4 mlrd. so‘mlik tenderda tender raisining ukasi g‘olib bo‘ldi

Xorazm viloyatida viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligidagi qiymati 20,4 mlrd. so‘mlik “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” ob’ekti o‘rganilganida tender g‘olibi bo‘lgan tashkilot ta’sischisi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari va tender komissiyasi raisining yaqin qarindoshi, ya’ni tug‘ishgan ukasi ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, byudjet buyurtmachilari tomonidan qurilish bo‘yicha “dxarid.uz” va “tender.mc.uz” portalida joylashtirilgan e’lonlar joylarga chiqqan holda o‘rganilganida, respublikaning 10 ta viloyatida jami qiymati 81,9 mlrd. so‘mlik 137 ta qurilish ob’ektlarida tanlov va tenderlar yuzasidan g‘oliblar aniqlanmasdan qurilish va joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborilganligi yoki yakunlanganligi aniqlanib, mazkur qonunbuzishlar bo‘yicha jami 28 ta materiallar prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, “tender.mc.uz” elektron portali orqali amalga oshiriladigan tender savdolari monitoringi va tahlillar natijasida ham tizimda bir qator kamchiliklar va korrupsiyaviy

xavf-xatarlar mavjudligi aniqlandi:

Birinchidan, “Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik Nizomda xarid komissiyasi a’zolarining aniq vazifalari ko‘rsatilmagan;

Ikkinchidan, Qurilish-pudrat tashkilotlari reyting mezonlarida qurilish pudrat tashkilotlarining faoliyatidagi salbiy ko‘rsatkichlarni, ya’ni shartnoma shartlarini bajarmaganligi, soliq va bankdan qarzdorligi, muddati o‘tgan kreditlarning mavjudligi, ma’muriy yoki jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi kabilarni baholashga e’tibor qaratilmagan;

(Misol uchun: Baholash mezonida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi bo‘yicha ballarni pasaytirish nazarda tutilmagani oqibatida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuniga asosan MCHJ rahbari va boshqalarga 2021 yil 18 martda O‘zR JKning 167, 228-moddalari bilan 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, 2021 yil 30 aprelda umumta’lim maktabini ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda mazkur MCHJ yana g‘olib deb topilgan.

Uchinchidan, “Shaffof qurilish” tizimida ma’lumotlar haqqoniyligini tekshiruvchi funksiyaning mavjud emasligi tashkilotlar tomonidan ishchilar, transportlar soni, moliyaviy ko‘rsatkichlar va boshqalar bo‘yicha soxta ma’lumotlar berish xavfini keltirib chiqarmoqda.

To‘rtinchidan, Qurilish tashkilotlarining reyting ko‘rsatkichlari qancha muddatga berilishi, qancha muddatda o‘zgartirilishi aniq belgilanmaganligi, baholash jarayonlarida ishtirokchilar reyting ko‘rsatkichlari o‘zgarishiga, tenderlarda mag‘lub bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda;

(Misol uchun: Toshkent viloyatida 50,7 mlrd. so‘mlik qurilish ob’ekti bo‘yicha o‘tkazilgan tenderga MCHJ “V” kategoriya bilan kirib, baholashda Qurilish vazirligi tomonidan “SSS” kategoriyaga qayta baholangani oqibatida mazkur MCHJ mag‘lub bo‘lgan)

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish, tahlil va monitoring natijalaridan kelib chiqqan holda qurilish sohasida korrupsiya omillari, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni ta’minlash hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!