Xitoy kompaniyalari Jizzaxda quvvati 1000 megavattgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurmoqchi

Xitoy kompaniyalari Jizzaxda quvvati 1000 megavattgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurmoqchi

Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Energetika vazirligi va Xitoyning China Huadian Overseas Investments, CNEEC va SANY Renewable Energy kompaniyalari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv bo‘yicha China Huadian Overseas Investments kompaniyasi investor sifatida, CNEEC kompaniyasi bosh pudratchi, SANY Renewable Energy kompaniyasi esa shamol turbinalarini yetkazib beruvchi sifatida loyihada ishtirok etadi.

Kompaniyalar tomonidan stansiya qurish bo‘yicha qurilish maydoniga chiqib o‘rganish ishlari tez kunlarda boshlanadi. Shuningdek, kompaniyalar O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham o‘rganishlar olib boradi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonga 1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiya kiritiladi.

Ma’lumot uchun, China Huadian Overseas Investments kompaniyasi China Huadian Co.ning sho‘ba korxonasi. China Huadian Co. Xitoyning eng yirik elektr energiya ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, 190 GVt quvvatga teng elektr stansiyalarga egalik qiladi. CNEEC kompaniyasi elektr qurilmalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya bo‘lib, ushbu kompaniya ixtisoslashgan muhandislik xizmatlari pudratchisi sifatida ham faoliyat yuritadi. SANY Renewable Energy kompaniyasi esa Xitoyning shamol turbinalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalaridan biridir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!