Xitoy bilan hamkorlikdagi aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi (foto)

Xitoy bilan hamkorlikdagi aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni va Xitoy Xalq Respublikasi Xalq Qurollangan Milisiyasi Bosh qo‘mondoni o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik rejasiga asosan 2019 yil may oyida o‘tkazilgan Hamkorlik-2019 aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

2019 yilning 14 may kuni yurtimizga Xitoy Xalq Qurollangan Milisiyasi bosh qo‘mondoni Van Nin Hamkorlik-2019 aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotining yakuniy bosqichida ishtirok etish uchun tashrif buyurdi.

Tashrifning dastlabki kunida bosh qo‘mondon Van Nin va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Bahodir Tashmatovning uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, keyingi hamkorlikni tashkillashtirishdagi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.

2019 yilning 15 may tashrifning ikkinchi kuni ikki tomon rahbarlari aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari yakunida ishtirok etish uchun Jizzax viloyatida joylashgan Forish poligoniga yetib kelishdi.

Har ikki mamlakatning ishtirokchilari jamoat xavfsizligini ta’minlash va terrorchilik ko‘rinishlari bilan kurashishga qaratilgan professional tayyorgarlikning yuqori darajasini namoyish qildilar.

Dastlab harbiy xizmatchilar ko‘p qavatli turar joy binosini garovga olgan bir guruh terrorchilarni yo‘q qilish va garovdagilarni qutqarish operasiyasini amalga oshirishdi. So‘ng esa terorchilar bazasini yakson qilish operasiyasi namoyish etildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar zamonaviy qurollardan foydalangan holda dushmanni yo‘q qilish mashqlarini, turli holat va sharoitlarda qurollardan mohirona foydalana olish imkoniyatlarini ko‘rsatishdi.

Ikki hafta mobaynida harbiy xizmatchilarining bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tarixiy joylarga sayohat ishtirokchilar orasida do‘stona muhitni yaratdi.

Biz O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatiga qoyil qoldik. O‘zbekistonga tashrif buyurish va ushbu 15 kun davomida o‘quv mashqlarida ishtirok etish Milliy gvardiyadan ko‘p jihatlarni o‘rganishga imkon berdi. Gvardiyachilarda ko‘rgan eng yaxshi fazilatlar bizning harbiy xizmatchilarimizda chuqur taassurot qoldirdi: Birinchidan, vatanparvarlik, Vatanga va xalqqa sadoqat. Ikkinchidan, jangovar ruh, majburiyatlarni bajarishga shaylik, qiyinchiliklarni yengib o‘tishdagi qat’iyatlik va g‘ayrat. Uchinchidan, yaxshi imidj va qat’iy intizom. Xitoy Xalq Qurollangan Milisiyasi sizdan juda ko‘p narsani o‘rganishi kerak. Biz kelgusidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, yuqori natijalarga erishish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish va bir-birimizdan o‘rganish borasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik Tashmatov bilan kelishib oldik deya fikr bildirdi Xitoy Xalq Qurollangan Milisiyasi bosh qo‘mondoni general-polkovnik Van Nin.

Qayd etish joizki, tahdidlarga qarshi kurashish, xavfsizlikni ta’minlash borasida strategik sheriklik va ishonchli hamkorlikka asoslangan bunday keng ko‘lamli harbiy o‘quv mashg‘ulotlarini birgalikda o‘tkazish ikki davlat harbiy xizmatchilariga katta tajriba maktabi sifatida xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!