Vaqtida uylanmasa, kim gunohkor bo‘ladi?
Mavzuni boshlashdan avval bir masal keltiramiz. Chumoliga o‘g‘li uylanmoqchi ekanini aytibdi. Otasi:
- Yaxshi fikr, o‘g‘lim, uylan, men qarshi emasman, - debdi.
- Rahmat, otajon.
- Aytgancha, kelin bola kim?
- Filning qizi.
- IYE? o‘g‘lim, ko‘rpaga qarab oyoq uzat, deyilgan. Fil qayoqda-yu, biz qayoqda?! O‘zingga tengini topmabsan-da!
- Ota, ahdim qat’iy yo filga uylanman yoki bo‘lmasa, uylanmay o‘taman.
Oxir-oqibat chumoli o‘g‘lini filga uylantiribdi. To‘ydan bir necha kun o‘tib esa fil o‘lib qolibdi.
Shunda chumoli o‘g‘liga:
- O‘g‘lim, aytganimni qilmading, o‘zingdan ko‘r, ana endi umringni oxirigacha go‘r kovlaysan, - degan ekan.
Hozirda uylana olmay yurgan yigitlarni mana shu chumoliga o‘xshatsa bo‘ladi. Qaysi ma’noda? Gap shundaki, qarz-havola qilib, katta xarajat bilan uylanib, keyin gulday umrini qarz to‘lashga sarflaydigan yoshlarimizga yurak achiydi. "Oldin oyoqqa turib olayin, o‘qishga kirib olayin, mashina sotib olayin, o‘zimga uy olayin, kar’era qilib olayin... keyin uylanaman", deya vaqt o‘tkazyapti. Vaholanki, uylanish uchun sharoit bo‘lganida atay uylanmay yurish gunoh bo‘ladi.
Alloh taolo bu haqida bunday marhamat qilgan: «Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar ular kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlu karami bilan boy-behojat qilur» (Nur, 32).
Huddi shuningdek, o‘zlarining bema’ni, tutiriqsiz, manfatsiz bo‘lgan orzu-havaslari sabab o‘g‘lini uylamay, qizini turmushga bermay yurgan ba’zi ota-onalar ham gunohkor bo‘ladilar. "Katta to‘y qilishim kerak, falonchi-pismadonchilarni opkelishim kerak, muncha osh damlashim shart, oldin uy joy qilib olaylik", degan hoyu havaslar sababli o‘g‘il-qizlari zino o‘ylari iskanjasida qiynalib yurganini, bu orzu-havaslari farzandlariga zulm bo‘layotganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey yigitlar jamoasi! Sizlardan qaysi biringiz uylanishga qodir bo‘lsa, uylansin! Zero, (uylanish) ko‘zni nomahramga tikilishdan, avratni harom (zino)dan saqlaydi. Kim (uylanishga) qodir bo‘lmasa, ro‘za tutsin! Zotan, ro‘za undan (ya’ni haromga tushib qolishdan) qalqondir», deb marhamat qilganlar (Buxoriy rivoyati).
Ulamolar uylanishning olti holati bor deb aytishgan.
1. Farz: mahr va ayol nafaqasiga yetarli moli bo‘lib, faqatgina uylanish bilan zinodan saqlana oladigan kishilarga uylanish farz bo‘ladi.
2. Vojib: mahr va ayol nafaqasiga yetarli moli bor va uylanmasa, zinoga ketish xavfi bo‘lganlarning uylanishi vojib bo‘ladi.
3. Sunnat: mahrga va ayol nafaqasiga yetarli moli bor va jinsiy munosabatga layoqatli kishilarga uylanish sunnati muakkada bo‘ladi.
4. Harom: mahr va ayol nafaqasiga qodir bo‘lmagan, ayolga zulm qilishi va jinsiy layoqati yo‘qligi aniq kishilarga uylanish harom bo‘ladi.
5. Makruh: mahr va nafaqa yetkazib berishdan, zulm yoki jinsiy ojizlikdan xavf qilgan kishilarga uylanish makruh.
6. Muboh: Uylanishga rag‘bat yoki undan man qiluvchi narsalar bo‘lmagan holatda uylanish muboh bo‘ladi.
Hozirda ixchamgina va isrofsiz to‘y qilishga qodir bo‘la turib: "Orzu-havasim bor, katta to‘y qilishim kerak, u olishim, bu olishim lozim", deya o‘g‘lini uylantirmay, qizini uzatmay yurganlar gunohkor bo‘layotganini bilisharmikan? O‘g‘li uylanishga qodir bo‘la turib, ota-onasining orzu havasi qurboni bo‘layotgani, yoshi kattarib ketayotgani, zino o‘ylari iskanjasida qiynalib yashayotgani, qiyomat kuni buni hali savol so‘roqlari borligini-chi?
Ba’zi ulamolar: «Agar inson turmush qilishga muhtoj bo‘lsa-yu uni tark qilish bilan o‘ziga mashaqqat yetishidan qo‘rqsa, turmush qurishni farz bo‘lmish hajdan ham muqaddam qiladi», deb aytishgan.
Pandemiya sababli o‘n besh-yigirma kishi bilan, ixcham, isrofsiz qilib to‘y qilsa ham bo‘lishini ko‘rdik. Aslida to‘ylar mana shunaqa bo‘lishi lozim. Lekin ba’zilarimiz o‘z-o‘zimizni va o‘g‘il-qizimizni ortiqcha sarf harajat, shaytoniy orzu-istaklar bois qiynaganimiz-qiynagan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishiga to‘rt sabab: boyligi, nasabi, husni yoki dini uchun uylaniladi. Shunday ekan, sen dindoriga uylanishga harakat qilaver, baraka topkur!» deb aytganlar (Muslim rivoyati).
E’tibor qilsak, nikoh haqidagi ushbu hadisda orzu-havas haqida emas, balki nikohlanadigan ayol yoki erkakning holati zikr qilingan.
Xulosa: Uylanish – sunnat.
Ota zimmasida o‘z vaqtida o‘g‘illarni uylab, qizlarni turmushga berish lozim bo‘ladi va bu ishi sababli savobga noil bo‘linadi. Onalar zimmasida esa qanoat, sabr va aql bilan eriga ushbu ishda yordam berishi lozim.
Har bir oqil inson uchun farzandlarining baxtli saodatli yashashi muhim, bu holat esa orzu-havasli to‘yga emas, isrof va haromsiz nikohga bog‘liq.
Sunnatulloh Abdulbosit
