O‘zbekistonning xalqaro imijini yanada yaxshilashga qaratilgan qonunlar qabul qilindi

O‘zbekistonning xalqaro imijini yanada yaxshilashga qaratilgan qonunlar qabul qilindi

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ko‘plab xalqaro hujjatlar ratifikasiya qilinayotir.

Mamlakatimizning jahon texnologiya bozorida o‘z ta’sirini oshirishi, xalqaro imijini yanada yaxshilashi uchun Gaaga bitimining Jeneva aktiga qo‘shilish juda muhim.

Chunki bu xalqaro hujjat sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan sub’ektlarga mavjud milliy tizimlarga qaraganda sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartib-taomilini olish imkonini beradi.

Shu maqsadda “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (1999 yil 2 iyul, Jeneva) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, majlisda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961 yil 26 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunga ham e’tibor qaratildi.

Mazkur qonun ahdlashuvchi davlatlarda ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlarining intellektual huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Konvensiyani ratifikasiya qilgan tomonlar ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini himoya qilishni ta’minlashning milliy rejimini taqdim etishi belgilangan.

Qonun kuchga kirsa, O‘zbekiston turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishga va mamlakatimizning investisiyalar jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Senatorlar milliy qonunchilikning mazkur xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiqligini, ularni ratifikasiya qilishdan kutilayotgan natijalar, shuningdek, uni keyinchalik implementasiya qilish mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.

Qonunlar Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi tavsiya etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!