O‘zbekistonning davlat qarzi $20 milliard. Kimdan qancha qarzmiz? (tahlil)
Fergana News saytida 2020 yilga kelib O‘zbekistonning tashqi qarzlari miqdori, qaysi davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlaridan qarzdor bo‘lgani haqida tahliliy maqola e’lon qilindi. Tahlilga asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Fuqarolar uchun byudjet loyihasi” olingan.
Sof.uz bu maqolani o‘zbek tilida taqdim etmoqda.
2020 yilga kelib, O‘zbekistonning Xitoy oldidagi qarzi 3,006 milliard AQSh dollariga etadi. Bu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Fuqarolar uchun byudjet loyihasi”da keltirilgan.
Davlatning Xitoy oldidagi tashqi qarzlari 2015 yilning yanvar oyidan 2019 yilning yanvarigacha asta-sekin 1,055 milliarddan 1,964 milliard AQSh dollariga qadar o‘sib borgan. Ya’ni, yiliga taxminan 200-300 million AQSh dollari atrofida qarzdorlik qo‘shilgan. 2020 yilning boshiga kelib, bir yil uchun 1,042 milliard AQSh dollari yoki umumiy qarzning 53 foizi qarzdorlik sifatida qo‘shiladi.
Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotidagi eng katta investorlardan biri hisoblanadi. 2018 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 6,4 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Shu yilning avgust oyida Xitoy va O‘zbekiston ustav fondi 1 milliard dollar bo‘lgan investisiyaviy fond tuzishdi.
O‘zbekiston qarzdor bo‘lgan ikkinchi yirik davlat bu – Yaponiya. 2019 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu davlatdan 1,049 milliard AQSh dollari qarz bo‘lgan. 2020 yil boshida bu raqamlar 1,831 milliard AQSh dollariga o‘sadi.
O‘zbekiston qarzdor bo‘lgan davlatlar keyingi o‘rinlarda, mos ravishda quyidagicha joylashgan:
Fransiya - 27 million AQSh dollaridan 573,1 million AQSh dollariga (21 barobar) o‘sgan;
Janubiy Koreya - 114,1 million AQSh dollaridan 568,2 million AQSh dollariga (deyarli 5 barobar) o‘sgan;
Rossiya - 69,8 million AQSh dollaridan 120,5 million AQSh dollariga (deyarli 2 barobar) o‘sgan;
AQSh - 28,9 million AQSh dollaridan 26,7 million AQSh dollariga kamaygan.
2020 yilning boshida O‘zbekiston davlat qarzining umumiy summasi 21,3 milliard AQSh dollari bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Bundan, 15,3 milliard AQSh dollari tashqi qarz hisoblanadi va u quyidagicha taqsimlangan:
Xorijiy davlatlardan - 6,7 milliard AQSh dollari;
Xalqaro moliya institutlaridan - 7,7 milliard AQSh dollari;
Investorlardan - 1 milliard AQSh dollari.
Xalqaro moliya institutlari bo‘yicha qarzdorlik esa quyidagicha taqsimlangan:
Osiyo taraqqiyot banki - 3,929 milliard AQSh dollari;
Jahon banki - 2,795 milliard AQSh dollari;
Islom taraqqiyot banki - 869,7 million AQSh dollari.
Davlat makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun 2020 yilda yangi qarzlarni olishga limit o‘rnatmoqchi.
Endi hukumat nomidan yoki uning kafilligi ostida olinadigan qarzlar miqdori 4 milliard AQSh dollaridan oshib ketmasligi, maqsadli davlat dasturlari uchun jalb qilingan zayomlar miqdori esa 1,5 milliard AQSh dollaridan oshmasligi kerak. Bu kelasi yil uchun belgilangan limit miqdori.
Avvalroq, xalqaro reyting agentliklarida, O‘zbekistondagi davlat qarzlarining kamligini (YAIMning 25 foizidan kam) davlatning o‘z majburiyatlarini bajarish imkoniyatlarini baholashda ijobiy faktor sifatida ko‘rilgan.
2019 yilning mart oyiga kelib Reax Europe xalqaro agentligi mamlakat reytingini milliy va xorijiy valyutalarda “B+”(hukumatning kreditga layoqatligining yetarlicha past darajasi) dan “BB-” (hukumatning kreditga layoqatligining yetarli darajasi) ga ko‘tardi. Sentabr oyida esa, Reax Europe agentligi O‘zbekistonning mustaqil reytingi “BB-” darajada ekanligini tasdiqladi va bu ko‘rsatkich, MDH davlatlari orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Farrux Absattarov tarjimasi
