O‘zbekistonda non narxini belgilashdan voz kechish kerakmi?

O‘zbekistonda non narxini belgilashdan voz kechish kerakmi?

Kuni kecha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari sohada boshidan kechirayotgan holatlar yuzasidan O‘zbekiston hukumati va Oliy majlisiga murojaatnoma yo‘lladi.

G‘alla yetishtirilishi va uni qayta ishlash davlat tomonidan qat’iy boshqarilishi, fermer yetishtirgan g‘alla hukumat tomonidan bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilinishi xo‘jaliklarda ushbu sohaga qiziqishini pasayishiga sababchi bo‘lmoqda.

Respublikada so‘nggi uch yilda tarmoqda amalga oshirilgan qator ijobiy islohotlar ham qayd etilmay qolinmadi.

Bir tonna g‘allaning xarid narxi 1 mln. 200 ming so‘m miqdorida belgilanishi va hosildorlikdan kelib chiqib 25 % gacha ustama haq to‘lanishi natijasida g‘allaning o‘rtacha narxi 1 mln. 420 ming so‘mni tashkil etdi.

Natijada, fermer xo‘jaliklari “jonlanib”, hosildorlikni oshirdilar. “Fermerlar tarixda birinchi marotaba o‘z mehnati samarasini ko‘rdilar”, deb yoziladi ochiq xatda.

G‘allani sotib olish narxi bozornikiga yaqinlashtirilishi bilan qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan olgan g‘allasi uchun hisob-kitobni bitira olmayotganlik hollari uchrab turadi. Sababi oddiy - don korxonalari ham, o‘z navbatida, zarar ko‘rmoqda: qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosini 1400 so‘m, ya’ni hukumat tomonidan belgilab qo‘yilgan qat’iy narxda sotishga majbur bo‘lib qolyapti.

Bunday chigallikning boisi - mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi o‘rtasida yagona tizimli zanjir yo‘qligidadir, deydi xat mualliflari.

Qolaversa, joylardagi korxonalar amalda e’lon qilinganga zid siyosatni olib bormoqda. Qo‘yilgan maqsad - aholining manzilli ijtimoiy himoyasi ta’minlanmadi. Arzon unning katta qismi bozor narxlarida sotildi.

Murojaatnoma mualliflari dehqonlarning g‘alla yetishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, mehnatiga yarasha daromad olishi hamda yetishtiriladigan g‘alla hajmlarini ko‘paytirish uchun o‘z takliflari qatorida imtiyozli kreditlarni qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratishni osonlashtirish, “fermer-don korxonasi-iste’molchi” uchligi o‘rtasida bozor munosabatlarini tashkil toptirish, narxlar erkinlashtirilishi zamirida davlat tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamiga un va nonning maqsadli yetib borishini ta’minlab berish, g‘allani sotib olish narxini belgilashdan voz kechish, bozorlarda erkin narxlarning shakllanishiga imkon yaratish kabilar o‘rin olgan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!