Save Ukraine: Rossiya ukrain bolalarni internet-do‘konga o‘xshash sayt orqali berib yubormoqda
Rossiya onlayn platforma orqali ukrain yatim bolalarni vasiylikka bermoqda, deb xabar qilmoqda Save Ukraine tashkiloti. Saytda bolalarning surati, ismi, yoshi, tashqi ko‘rinishi, xobbisi va hatto xususiyatlari — jumladan "ijobiy sifatlar"i keltirilgan bo‘lib, bu hammasi internet-do‘konga o‘xshaydi.
Tashkilot rahbari Nikolay Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, bu bolalarning ko‘pchiligi okkupasiya qilingan Xerson, Mariupol va Lugansk shaharlaridan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya va okkupasiya qilingan hududlarda ukrain bolalari umuman hech qanday huquqlarga ega emas.
Save Ukraine ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarning katta qismi urush tufayli ota-onasidan ayrilgan va bolalar uylariga joylashtirilgan. Keyin ularni Rossiyaga olib ketishadi, u yerda ularning millatini, hujjatlarini, hatto ismini o‘zgartirishadi.
Saytda bolalarni yoshi, jinsi, ko‘z va soch rangi bo‘yicha “filtrlab” tanlash mumkin. Tavsiflarda “hammaga bo‘ysinadigan” yoki “mehnatsevar” kabi ifodalar ham uchraydi.
Huquq faollarining ta’kidlashicha, urush boshlanganidan beri minglab ukrain bolalari Rossiyaga olib ketilgan, ularning ko‘pchiligi hozirda vasiylik ostidagi oilalarda yashamoqda. Onlayn-katalog, ehtimol, yangi ota-onalarni topishni osonlashtirish uchun yaratilgan.
Matbuotdagi tanqidiy maqolalardan so‘ng saytdagi e’lonlar yo‘qoldi.
«Ochigi, ular ukrain bolalarni ideologiya jihatidan qayta ishlashni istamoqda», — dedi Nikolay Kuleba BILD nashriga bergan intervyusida.
Tashkilotning huquqiy bo‘limi boshlig‘i Miroslava Xarchenko esa BILD nashriga bergan intervyusida quyidagilarni ta’kidladi:
«Bu yerda fuqarolikdan mahrum qilish, ismni o‘zgartirish, majburiy rus pasporti berish va vasiylik (aslida esa assimilyasiya) haqida gap ketmoqda.
Bu sodir etilgan ishlar — harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar hisoblanadi», — dedi u.
