Namanganda maishiy gaz ballonlari noqonuniy saqlanayotgan “bunker” aniqlandi
Namangan viloyatidagi dam olish va ovqatlanish maskanlarida aholi uchun mo‘ljallangan maishiy gaz ballonlaridan foydalanish holatlari fosh etildi.
Namangan viloyatining Pop tumanidagi Qamchiq dovoni, Parda Tursun va Chodak qishloqlarida joylashgan oshxonalar hamda dam olish maskanlarida foydalanilayotgan imtiyozli maishiy gaz ballonlariga aniqlik kiritish maqsadida tekshiruv tadbirlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida 10 ta dam olish va 7 ta umumiy ovqatlanish maskanlarida jami 68 ta maishiy gaz ballonidan foydalanilayotgani aniqlandi. Ulardan, 5 ta dam olish va 2 ta umumiy ovqatlanish maskanlarida jami 34 ta maxsus stikerli yoki gaz ta’minoti idoralariga tegishli bo‘lgan gaz ballonlaridan foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, mazkur maishiy gaz ballonlarini qabul qilgan 15 dona ID karta aniqlandi.
Tadbir davomida Pop tumani “Chodakboshi” MFYda joylashgan “F. M. T.” nomli umumiy ovqatlanish maskanida 13 dona (10 dona suyultirilgan gaz to‘ldirilgan, 3 dona bo‘sh) maishiy gaz ballonlari noqonuniy saqlanayotgan “bunker” aniqlandi. Shuningdek, oshxona egasida mazkur mahalla iste’molchilariga tegishli bo‘lgan 13 dona ID karta borligi ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tegishli organlarga yuborildi.
Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha tadbirkorlarga ogohlantirishlar berildi hamda bunday qoidabuzarliklar uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralari haqida tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
📢 Suyultirilgan gaz iste’molchilari diqqatiga:
Imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berilgan maishiy gaz ballonlarni tadbirkorlarga berish — keyinchalik fuqaro bilan suyultirilgan gaz yetkazib berish shartnomasi bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
