Isroil armiyasi jurnalistlar nomlarini yo‘q qilish ro‘yxatiga kiritgani aytilmoqda
G‘azoda ishlayotgan jurnalistlarning aytishicha, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga olinmoqda va ismlari Isroil rejimi armiyasi ro‘yxatlariga qasddan yo‘q qilish maqsadida kiritilgan.
G‘azodagi vaziyat tez sur’atlar bilan keskinlashar ekan, mahalliy OAV xodimlari u yerdan xabar tarqatishda misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Isroil G‘azoga urush boshlaganidan beri deyarli 270 nafar jurnalist va OAV xodimini o‘ldirgani ma’lum qilindi.
Yakshanba kuni Isroil kuchlari “Al-Jazira” telekanalida ishlagan besh nafar xodimni – muxbirlar Anas al-Sharif va Muhammad Qarekani, shuningdek, fotograflar Ibrohim Zohir va Muhammad Nofalni G‘azo shahridagi “Al-Shifo” shifoxonasi yonidagi media palatkasiga yo‘naltirilgan zarba orqali halok etdi.
G‘azoda urushni hujjatlashtirayotgan fotojurnalist va film ishlab chiqaruvchi Muhammad Asad Mehr News Agencyga bergan intervyusida:
– Urush boshlanganidan beri biz jahonda hech bir urush fotomuxbiri ko‘rmagan to‘siq va xavflarga duch keldik. Transport vositalari va yoqilg‘i yetishmaydi, himoya jiletlarimiz esa muddati o‘tgan. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga olinamiz, ba’zilar “qizil zona”larda o‘ldirildi, boshqalar esa ko‘chada yurgan payti og‘ir o‘q yomgirida halok bo‘ldi, – dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uylar va ofislar vayron qilingan, kameralar va asbob-uskunalar zarar ko‘rgan, chegaralar yopiqligi sababli hech qanday yordam yoki tovon yo‘q. Internet o‘chirib qo‘yilgan, mobil telefonlar batareyalari esa tugayotgani bois reportaj berish yanada qiyinlashgan.
Asad so‘zini shunday yakunladi:
– G‘azoda urushni to‘xtatish va jurnalistlarga yordam berish uchun haqiqiy harakat zarur. Xalqaro jurnalistlar G‘azoga kelishlari shart. Uzoqdan kuzatib, biroz hamdardlik bildirish yetarli emas. Okupasiya butun G‘azo sektori ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda, shu bois jurnalistlarni himoya qilish uchun xalqaro tashkilotlar amaliy chora ko‘rishi lozim, – dedi u.
