Eron Isroilning sog‘liqni saqlash muassasalariga qilingan hujumlarini qoraladi
Eron Tashqi ishlar vazirligi qurolsizlanish va qurollarni nazorat qilish boshqarmasi direktori Haydar Ali Balujiy 12 kunlik urush davomida Isroil tomonidan Erondagi vaksina va dori vositalari ishlab chiqarish ob’ektlari hamda sog‘liqni saqlash markazlariga qilingan hujumlarni xalqaro huquq va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid sifatida baholadi.
Jenevada Biologik qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiyani (BWC) mustahkamlash bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishida so‘zga chiqqan Balujiy, mazkur hujumlarni agressiv, maqsadli va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilgan harakatlar sifatida ta’riflab, ular Konvensiya tamoyillari va xalqaro huquq normalariga zid ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 13 iyun kuni Isroil asossiz ravishda Eronga qarshi urush boshlab, ko‘plab yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar, yadroviy olimlar va tinch aholi vakillarini o‘ldirgan. 24 iyunga kelib, Eron o‘zining qarshi operasiyalari orqali urushni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan.
Balujiy bunday hujumlar mamlakatning sog‘liqni saqlash salohiyatiga zarar yetkazish bilan birga mintaqaviy va global bioxavfsizlikka ham tahdid solishini ta’kidladi. U, shuningdek, tinch maqsadlarda foydalaniladigan biologik ob’ektlarga hujumlar a’zo davlatlarning biologik fanlardan tinch maqsadda foydalanish huquqini buzishi va butun jahon qurolsizlanish tizimiga zarba berishini qayd etdi.
Eronlik diplomat xalqaro hamjamiyatni ushbu harakatlarni keskin qoralashga va javobgarlarni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Ma’lumot o‘rnida, BWC’ni mustahkamlash bo‘yicha Ishchi guruh 2022 yilda Konvensiyaning to‘qqizinchi qayta ko‘rib chiqish konferensiyasi qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro hamkorlik va yordamni kuchaytirish, ilmiy-texnikaviy rivojlanishni baholash va tekshirish mexanizmlarini o‘rganishni maqsad qiladi. Guruh kamida 2026 yil oxirigacha faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Balujiy G‘arbiy Osiyoda BWC global sherikligini qo‘llab-quvvatlash ahamiyatini ham alohida ta’kidladi.
