Yurtimizda iqtisodiy nofaol aholi qancha?
O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarim yilligida ishsizlik darajasi 5,1 foizga teng bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 0,4 foiz punktga kamaygan.
Iqtisodiy faol aholi soni 15,4 million nafar bo‘lib, shundan 14,6 million kishi band, 781,6 ming kishi esa ishsiz hisoblanadi.
Band aholining 8 millioni (55 foiz) rasmiy sektorda, 4,8 millioni (33 foiz) norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda, 1,8 million kishi (12 foiz) esa xorijda ishlamoqda. Shu bilan birga, rasmiy bandlar soni o‘tgan davrga nisbatan 19 foizga oshgan, norasmiy bandlar esa 13,6 foizga kamaygan.
Iqtisodiy nofaol aholi 4,9 million kishini tashkil etadi. Ular orasida ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotganlar – 2 million nafar (41 foiz), 2 yoshgacha bola parvarishi bilan band yoki tug‘ish ta’tilida bo‘lgan ayollar – 2,2 million nafar (44 foiz), ishlash istagi yoki imkoniyati yo‘q shaxslar – 0,8 million nafar (15 foiz)ni tashkil qiladi.
2023 yil 1 iyulida ishsizlik darajasi 8,1 foizni, 2024 yilda esa 5,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 5,1 foizga tushdi.
