Salkam 110 ming AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi
So‘nggi kunlarda poytaxt aeroportida naqd xorijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishlar ortdi. Bojxonachilar salkam 110 ming AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yishdi.
Jumladan, Nyu Yorkka parvozi oldidan yo‘lovchilardan biri qo‘l sumkasidagi 42 200 AQSh dollari haqida bojxona xodimlariga na og‘zaki, na yozma tarzda ma’lum qilishni “unutib” qo‘yibdi.
Istanbulga uchib ketayotgan 2 nafar yo‘lovchilardan birining 19 900 AQSh dollarini, ikkinchisining esa 18 200 AQSh dollarini qo‘l sumkalarida “bamaylixotir” olib chiqishga urinishlari naf bermadi.
Yangi yilning ilk kunida esa Pekinga safarga otlangan xorijiy fuqaro yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 12 200 AQSh dollarini olib chiqayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, bojxona xodimlari Bishkekka uchib ketayotgan yo‘lovchining 4450 AQSh dollari va Nyu Yorkka uchib ketayotgan yo‘lovchining 11 810 AQSh dolalarini noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinishini bartaraf etishdi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga ko‘ra, respublikamiz bojxonachilari o‘tgan 2024 yilda 37,5 mlrd so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yishdi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar faqatgina ekvivalenti 100 mln so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqishlari mumkin.