Tojikistonda qurilish materallari bo‘yicha “O‘zbekiston savdo uyi” ochildi
O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o‘rtasida qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, ikki davlat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida savdo aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Dushanbe shahrida navbatdagi “O‘zbekiston savdo uyi” tashkil etildi. Bugun ushbu savdo maskanining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma boshqaruv raisi Baxtiyor Bobokulov, O‘zbekistonning Tojikistondagi muxtor elchisi, ikki davlat tadbirkorlari va OAV vakillari ishtirok etishdi. Anjuman ishtirokchilari savdo maskanida yaratilgan sharoitlar, mahsulotlar ko‘rgazmasi va narxlari bilan yaqindan tanishishdi.
Tadbir davomida ikki davlat tadbirkorlarining B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarining asosiy xaridori bu qo‘shni davlatlar sanaladi. Jumladan, mamlakatimizning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Tojikiston davlati eng ishonchli hamkorlardan biri. Bu yerda “Made in Uzbekistan”yorlig‘i ostidagi qurilish mahsulotlariga yildan-yilga talab oshib bormoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Qozog‘iston (2024 yilda 188 mln dollar), Qirg‘iziston (103 mln dollar),Turkmaniston (21 mln dollar), Afg‘oniston (10mln dollar) kabi qo‘shni davlatlar orasida Tojikiston davlatiga qurilish materiallari eksporti bo‘yicha eksport ikkinchi o‘rinda turadi. 2024 yilda Tojikistonga 115 mln dollarlik qurilish materiallari sotilgan.
Xususan, o‘tgan 2024 yilda 34 mln dollar metall buyumlar yetkazib berilgan. Shuningdek, 13mln mln dollarlik -quruq qurilish qorishmalari va sement mahsulotlari, 12 mln mln dollarlik - keramika mahsulotlari, 23 mln mln dollarlik - PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlari, 11mln mln dollarlik - DSP, MDF plita, 7 mln dollarlik – qurilish oynasi va oyna mahsulotlari kabi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.
Hozirda Tojikiston davlatiga gazobeton bloklari, issiqlik saqlovchi plitalar, tabiiy toshlar, oboy kabi mahsulotlar eksportini yanada oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan shu kungacha Ozarbayjon poytaxti Boku va Afg‘oniston poytaxti Qobul shaharlarida “O‘zbekiston savdo uyi” faoliyat ko‘rtsatmoqda.