Noqonuniy boylik orttirmoqchi bo‘lgan aka-ukalarning rejasi ish bermadi
Fuqaro H.Q. ukasi A.Q. bilan noqonuniy ravishda boylik orttirish uchun MCHJ tashkil etdilar. Ularning tuzgan jinoiy rejasiga ko‘ra, “Asakabank” AJ Qarshi filialidan mazkur MCHJning aylanma mablag‘larini to‘ldirish niqobi ostida 1 yil muddatga 990 mln. so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.
Ammo mazkur kredit mablag‘laridan 600 mln. so‘mini jamiyat faoliyati uchun emas balki o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida maqsadsiz sarflab, juda ko‘p miqdordagi kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.
Bundan tashqari, aka-ukalar garovdagi 1.2 mlrd. so‘mga baholanib garovga qo‘yilgan issiqxona binosining aksariyat jihozlarini, nasos va o‘choqlarini, shuningdek, 304,3 mln. so‘mlik metal quvurlarini kesib olib, sotib yuborgan. Bu harakati bilan ular band solingan mulkka shikast yetkazib, qonunga xilof ravishda tasarruf qilgan.
Shu sababli, H.Q. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 233-moddasi (Band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) 1-qismi bilan aybli deb topildi.
Unga nisbatan, 8 yil 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ukasi A.Q.ga esa bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoiy jarimani undirish yuzasidan Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida 28 mln. 98 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlik to‘liq undirildi va ijro hujjati ijrosi tamomlandi.