O‘zbekistonda bu yil 3 ta oltin va 2 ta uran koni aniqlandi

O‘zbekistonda bu yil 3 ta oltin va 2 ta uran koni aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ular jadal rivojlantirilishini ta’kidlagan edi. Joriy yilda geologiya sohasi ana shunday yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda prezidentning 4 ta qarori qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida sohani modernizasiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv ko‘lami va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.

– O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi navbatda geologik ilm-fanni tiklash va zamonaviy kadrlar tayyorlashga zamin yaratildi. Xususan, Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti birlashtirildi.

Zamonaviy burg‘ilash va laboratoriya uskunalari olib kelindi. Buning natijasida burg‘ilash unumdorligi 2019 yilga nisbatan 25 foiz oshdi. Jumladan, rudadagi elementlarni aniqlash ko‘lami 40 tadan 63 tagacha ko‘paydi.

Yil boshidan buyon 150 ta yangi kon davlat balansiga olindi. Oltin, kumush, uran, mis, molibden resurslari va zaxiralari ko‘paydi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktov hamda Auminzotov tog‘lari hududida 3 ta oltin, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 2 ta uran koni aniqlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!