O‘zbekistonda avtokredit stavkalari oshdi

O‘zbekistonda avtokredit stavkalari oshdi

O‘zbekistonda 2021 yildan boshlab avtomobil xarid qilish uchun banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar stavkasi oshdi, deb yozmoqda «Gazeta.uz»

2020 yilning oktyabrida o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, deyarli barcha banklardan avtokredirlar stavkasi 23 foiz va undan kam bo‘lgan. Biroq yanvardan boshlab banklarning aksariyatida u 26 foizga chiqqan yoki undan ham oshib ketgan. Bu 2019 yilga ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, boshlang‘ich to‘lov miqdorlari ham oshgan.

Stavkalarning oshishi Markaziy bank tomonidan 2020 yil 1 iyuldan boshlab joriy etilib, 2021 yil 1 yanvargacha amalda bo‘lgan «maqbul foiz stavkalari» siyosatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Maqbul stavkalar — milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha 18 foizli stavkalar, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — 24 foizgacha, tadbirkorlik sub’ektlari uchun xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — 8 foizgacha bo‘lgan stavkalar hisoblangan. O‘shanda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov regulyator banklarni pul vositalari va prudensial choralarni qo‘llash orqali oqilona foiz siyosatini olib borishni rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytgandi.

«Talabning ortishi kredit va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining o‘sishiga olib keladi. Hozirgi kunda biznes uchun kredit stavkalarining o‘rtacha foizi 24—26 foizga, jismoniy shaxslar uchun chakana kreditlar — 30 foizgacha. Inflyasiya pasayganiga qaramay, kreditlarning foiz stavkalari o‘sayotgani bizni xavotirga solmoqda», — degan edi u.

Markaziy bank statistikasiga ko‘ra, iyun oyida so‘mdagi kreditlarning o‘rtacha foiz stavkalari 23,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyulda u 20,6 foizga qadar pasaygan, 2020 yil oxirida esa — 18,8 foizga tushgan. Depozitlar bo‘yicha stavkalar iyuldan dekabr oyiga qadar 15,7 foizdan 14,6 foziga qisqargan. Yanvar oyi uchun ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan.

21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev regulyator «koronavirus pandemiyasi va inqiroz sababli foiz stavkalarini tartibga solish bo‘yicha vaqtincha choralarni qabul qilgan», biroq 2021 yildan boshlab mazkur amaliyot qo‘llanilmaydi.

«Nima sababdan yozda maqbul foiz stavkalari belgilandi? Chunki pandemiya va inqiroz sharoitida Markaziy bank zarurat tug‘ilganida vaqtincha tartibga soluvchi choralarni qo‘llash huquqiga ega. Bu jahon tajribasida bor. Shu sababli biz iyulda maqbul foiz stavkalarini joriy etdik. O‘shda bu 2021 yil 1 yanvargacha amalda bo‘lishi aytilgandi. Muddat tugadi va ayni vaqtda maqbul stavkalar siyosati amalda emas», — deya ta’kidlagandi u.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari regulyator banklarning foiz stavkasiga aralashishni istamasligini qayd etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!