O‘zbekistonda aholining zaif qatlami koronavirusga qarshi bepul emlanadi

O‘zbekistonda aholining zaif qatlami koronavirusga qarshi bepul emlanadi

Kecha Vazirlar Mahkamasida Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik deputatlari ham ishtirok etdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Unda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda  ZF-2001 rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi o‘tkazmoqda. Hozirga qadar  3-faza klinik sinovi doirasida 6697 ta ko‘ngilli hamyurtimiz vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan bo‘lsa, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilganlar.

Klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki  0.3%ni tashkil etgan (solishtirish uchun, bu ko‘rsatgich "Pfizer/Biontech"da 2-3.8%, "Sutnik V"da esa 0.3-0.4%ni tashkil etgan). 2- va 3-darajali nojo‘ya ta’sirlar esa kuzatilmagan.

Klinik sinovning ijobiy natijalari sababli O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishi taklif qilinmoqda.

Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek,  mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda. 

Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmasevtika kompaniyalarimiz bilan hamkorlikda  ZF-UZ-2001 vaksinasini joriy yilda 300 mln. donagacha ishlab chiqishi  va yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, komissiya raisi Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2.5mln. ga yaqin Astra-Zeneca vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda. 

O‘zbekistonda birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo)  joriy yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muxtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda ya’ni byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maxsus komissiya tomonidan  aholini vaksina bilan emlashga  ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida tez kunlarda Qonunchilik palatasida deputatlarga alohida  axborot berishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!