O‘zbekistonda 100 ta “Barkamol avlod” maktabida STEAM-ta’lim laboratoriyasi tashkil etiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “2024—2027 yillarda maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Quyidagilar maktabdan tashqari ta’lim tizimini 2023—2027 yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:
- “Barkamol avlod” bolalar maktablari va uning tarmoq to‘garaklariga umumta’lim maktablari o‘quvchilarining 50 foizini qamrab olish chorasini ko‘rish;
- o‘quvchilar orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga sharoit yaratish maqsadida 1 500 ta xorijiy til to‘garaklarini tashkil etish;
- STEAM-ta’lim dasturi asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga xususiy sektorni jalb qilish orqali to‘garak a’zolari sonini 2 baravarga oshirish;
- 100 ta Maktabda bosqichma-bosqich STEAM-ta’lim laboratoriyasinitashkil etish;
- Maktablar faoliyatini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish;
- o‘quvchilarga yurtimizda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlardagi turizm ob’ektlari bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan onlayn turizm — virtual maydonlarini tashkil etish.
Belgilanishicha:
- 2024 yil 1 yanvardan tuman (shahar) maktablaridagi 1 shtat birlik uslubchi lavozimini qisqartirish hisobiga 1 shtat birlikda buxgalter shtati joriy etiladi.
Bunda, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tuman (shahar) Maktablariga markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi.
2024 yil 1 fevraldan boshlab:
- Maktablar to‘garak a’zolarining IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari doirasida har yili 200 million so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratiladi,
2024 yil 1 yanvardan boshlab har bir yo‘nalish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda g‘olib bo‘lgan Maktab to‘garak a’zolari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash tavsiya etilsin:
- 1-o‘rin uchun – 20 baravarida;
- 2-o‘rin uchun – 15 baravarida;
- 3-o‘rin uchun – 10 baravarida;
- Laureat uchun – 8 baravarida.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi har yili 10 yanvarga qadar Maktab to‘garak a’zolariningishtirok etishi belgilangan xalqaro miqyosdagi tadbirlarning kalendar rejasini tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 25 may kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida maktab ta’limidagi islohotlarning borishi muhokama qilingandi. O‘shanda “Barkamol avlod” maktablari faoliyati va infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish, ularda STEAM yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.