O‘zbekiston «Vatan tayanchi» jamoasi «Aybin—2024» xalqaro harbiy-vatanpvarlik yig‘inida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi
Olmaota shahridagi Quruqlikdagi qo‘shinlar harbiy institutida “Aybin” xalqaro harbiy-vatanparvarlar yig‘ini yakunlandi. Yig‘inda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, O‘zbekiston Respublikalari va Rossiya Federasiyasidan kelgan 750 nafar o‘g‘il-qizdan iborat jamoalar “Aybin sovg‘asi” intellektual o‘yini, robototexniklar o‘rtasida “Bilimdon askar” sharti, “AK-74” qurolini noto‘liq qismlarni ajratish va yig‘ish shartlarida o‘zaro bellashdi.
Bir necha kun davom etgan murosasiz bahslar yakunida “Vatan tayanchi” jamoasi umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin esa mezbon — Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi.
Musobaqaning tantanali yopilish marosimida jamoamizga kubok, medallar va esdalik sovg‘alari topshirildi.