O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida

So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar fuqarolarning zamonaviy tibbiy xizmatlarga, dori-darmonlar bilan ta’minlanishiga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirdi, shuningdek, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi yaxshilanishiga olib keldi.

O‘tkir va murakkab kasalliklarni davolashda xalq tabobati muhim ahamiyat kasb etadi, tabiblarning xizmatlariga aholining turli qatlamlarida katta ehtiyoj sezilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi vaziyatning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, xalq tabobati yo‘nalishida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelmoqda, xususan:

birinchidan, xalq tabobati xizmatlari ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza yaratilmagan, tabiblarning huquq va majburiyatlari aniqlanmagan, xalq tabobati usullari bilan davolovchi shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va xavfsizligi ustidan davlat nazorati amalga oshirilmayapti;

ikkinchidan, xalq tabobati usullari bilan tibbiy yordam ko‘rsatuvchilarning mijozlar sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun mas’uliyati belgilanmagan, shuningdek, xalq tabobati vakillarining huquqlarini asossiz aralashuvlardan himoya qilish kafolatlanmagan;

uchinchidan, kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashda zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va integrasiyani boshqarishning tartib va mexanizmlari mavjud emas;

to‘rtinchidan, xalq tabobati vakillari, ularning tajriba va ish natijalari, ular ko‘rsatadigan xizmat turlari haqida va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi xalq tabobati bo‘yicha tizimlashtirilgan yagona ma’lumotlar bazasi mavjud emas.

Xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, to‘plangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar belgilansin:

xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etiladi;

xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash tibbiy faoliyatni lisenziyalash uchun belgilangan tartibda (tibbiy ta’lim ma’lumoti mavjudligi talabi bundan mustasno) amalga oshiriladi;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadilar;

tibbiy xizmat ko‘rsatishga nisbatan qo‘yilgan talablar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxslarga ham tatbiq etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan talablarni, shuningdek, xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ hisoblanadi.

2. Xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar e’tirof etilsin:

xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integrasiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish;

xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish.

3. O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Q.Shodmonov –ushbu Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini tartibga solish va yanada rivojlantirish bo‘yicha;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov – ushbu qaror asosida vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning samarali va lozim darajada bajarilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha shaxsan javobgarligi ko‘rsatib o‘tilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasining:

respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiyot-pedagogika ishi” bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv siklini joriy etish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursini tashkil qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir hafta muddatda Maxsus komissiya tarkibini shakllantirsin va tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga xalq tabobatini rivojlantirish va xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatish faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini ta’minlash doirasida:

xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha
o‘quv jarayonini tashkillashtirish, shuningdek, o‘zbek xalq tabobatining boy tarixiy an’analari va noyob merosini o‘rganish, xalq tabobati yo‘nalishlarini tizimlashtirishda tashkiliy va uslubiy yordam bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;

boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini ifodalovchi taniqli tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

a) 2018 yil 15 noyabrga qadar:

davlat ta’lim standartlarining talablari asosida xalq tabobati bo‘yicha o‘quv dasturini;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishga mo‘ljallangan binolarning sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlarini ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin;

b) 2018 yil 1 dekabrga qadar:

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishda ishlatiladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan, tibbiy texnikaga nisbatan minimal talablarni;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018 yil oxiriga qadar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribalari, xizmat ko‘rsatish turlari, aloqa va boshqa ma’lumotlarni qamrab olgan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishni, ommabop foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining veb-saytiga joylashtirishni, shuningdek, ushbu turdagi tashkilotlar faoliyatini lisenziyalash amalga oshirilishi bilan bazani doimiy ravishda yangilanib borishni ta’minlasin;

g) “Xalq tabobati” yo‘nalishini tibbiy faoliyat amalga oshiriladigan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasiga kiritsin;

d) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritish bo‘yicha muntazam chiqishlar hamda mavzuli ko‘rsatuv va eshittirishlarni tashkillashtirsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.





O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                           SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 12 oktyabr

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!