O‘zbekiston Gender tenglik va boshqaruv indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi
Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) beshta asosiy sohada gender tengsizlikni baholab kelmoqda.
Boshqaruv, ta’lim, AT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikni oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalarga ko‘ra O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.
Ushbu indeks 158 mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida. O‘zbekistonning mazkur xalqaro reytingda yuqori o‘ringa ko‘tarilishida quyidagilar asosiy omil sifatida qayd etilgan.
Avvalo ta’limga teng imkoniyatlar yaratish: bunda onlayn ta’lim platformalari orqali qishloq va chekka hududlardagi qizlarga zamonaviy bilim olish imkoniyati yaratildi. Bir million o‘zbek dasturchilar loyihasi va boshqa loyihalar qizlarning AT sohasida bilim olishiga yordam bermoqda.
Ayollarni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash: bu borada elektron tijorat va frilansing platformalari xotin-qizlarga yangi ish imkoniyatlari ochmoqda. Ayollar uchun onlayn tadbirkorlik treninglari tashkil qilinmoqda.
Gender zo‘ravonlikka qarshi kurashda texnologiyalar: bu borada maxsus ilovalar va issiq liniyalar ayollarga zo‘ravonlikdan himoya bo‘yicha yordam ko‘rsatmoqda.
Gender ma’lumotlarining ochiqligi: ayni yo‘nalishda O‘zbekistonning ochiq ma’lumotlar portali gender tengsizlik bo‘yicha statistik ma’lumotlar ochiqligini ta’minlab, Open data watch reytingida yuqori o‘rinlarni egallashiga yordam berdi.
Ayollarning AT va STEM sohalarida faolligini oshirish: bunda AT Park va boshqa tashabbuslar ayollarni AT va STEM sohalariga jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Texnologiya gender tenglikni ta’minlashda qudratli vosita bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, ayollarning AT sohasidagi ishtirokini kuchaytirish davlatning strategik maqsadlari qatoriga kiradi.