Bizni bugun qanday ob-havo kutyapti?
14 dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi. Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida faqat kechqurun biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
13-14 dekabr kunlari havo harorati kechalari 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 7-12 daraja iliq, ba’zi joylarda 15 daraja iliqqacha, shimolda 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
15 dekabrda O‘zbekiston hududiga shimoli-g‘arbdan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Respublika hududida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.
Havo harorati kechasi va ertalab 0-5 daraja iliq bo‘ladi, kunduzi -3 daraja sovuqqacha pasayadi, shimolda kechasi -5…-10 daraja sovuq, kunduzi -2…-7 daraja sovuq bo‘ladi.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, 15-16 dekabrda ayrim joylarda ba’zida 20-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. 15-16 dekabrda yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.
Poytaxtimizda: 13-14 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 14 dekabrda kechqurun biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari +3..+5 daraja iliq, kunduz kunlari +10…+12 daraja iliq bo‘ladi.
15 dekabrda havo bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi. Shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi va ertalab 1-3 daraja iliq bo‘ladi, kunduzi -1…-3 daraja sovuqqacha pasayadi.
16-17 dekabr kunlari havo harorati kechalari 8-13 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 15 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqqacha pasayishi kutilmoqda.