Ozodbek Nazarbekov Qirg‘iziston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 13 dekabr kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoni bilan taqdirladi.
Davlat rahbari madaniyat Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi umumiy tarix, til, madaniyat va an’analar bilan bog‘liq do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidladi, deyiladi xabarda.
«Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi va madaniyat ushbu sheriklikni mustahkamlashda asosiy rol o‘ynaydi», — dedi Sadir Japarov.
«Ijodiy yo‘lingiz ko‘pchilikni ilhomlantiradi», — dedi prezident Ozodbek Nazarbekovga. 15 dekabr kuni Qirg‘iziston milliy filarmoniyasida Nazarbekov ishtirokida musiqiy kecha bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston madaniyat vaziri, o‘z navbatida, uning faoliyatiga ko‘rsatilgan hurmat va yuksak baho uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash ishiga sodiqligini ta’kidladi.
Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston xalq artisti (2010), Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist (2020), Tojikiston xalq hofizi (2024) hamdir. Shuningdek, 2014 yilda u O‘zbekistonning «El-yurt xurmati» ordeni bilan taqdirlangan.