Amerika sudi suriyalik “jallod”ga ayblov qo‘ydi
Amerika sudi suriyalik jallodga ayblov qo‘ydi, deb xabar bermoqda Bild nashri.
Suriyadagi sobiq qamoqxona boshlig‘i va gubernator Samir Usmon Al-Shayx ko‘p yillar davomida Bashar Asad uchun xizmat qilgan. Los-Anjeles federal sudi uni qiynoqlarda aybdor deb topdi.
AQSh Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, Al-Shayx 2005 yildan 2008 yilgacha Damashqdagi Adra qamoqxonasini boshqargan. U mahbuslarga azob berishni buyurgan va shaxsan o‘zi ularga kuchli jismoniy va ruhiy azob yetkazishda ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, Al-Shayx mahbuslarni “jazo hududiga” yo‘naltirgan, u yerda ularni kaltaklashgan, qo‘llarini shiftga osib, maxsus qurilma yordamida tanalarini bukib, ba’zi hollarda umurtqa pog‘onasini sindirishgan. Bu qiynoqlardan maqsad Asad rejimiga qarshi muxolifatni bostirish bo‘lgan.
Al-Shayx joriy yilning iyul oyida firibgarlikda gumonlanib, Los-Anjeles aeroportida hibsga olingan edi. Jinoyat ishiga ko‘ra, u Amerika vizasi (2020 yil) va fuqaroligi (2023 yil) olish uchun hujjatlar topshirganda, Suriyadagi muxolifatchilarni hech qachon ta’qib qilmaganini aytib yolg‘on ma’lumot bergan. Shundan so‘ng Al-Shayx Livanga uchib ketmoqchi bo‘lgan.
Amerikaning CBS telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Al-Shayx faoliyatini polisiyada boshlagan, keyin esa siyosiy muxoliflarga qarshi kurashish bilan shug‘ullangan Suriya davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tgan. 2005 yilda u brigada generali va qamoqxona boshlig‘i bo‘lgan, 2011 yilda esa Asad uni Dayr az-Zor gubernatori etib tayinlagan.
Agar Al-Shayx aybdor deb topilsa, unga qiynoqlar uchun 20 yilgacha va immigrasiya hujjatlari bilan bog‘liq firibgarligi uchun 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.