O‘zbekiston — AQSH: Tibbiyot sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston — AQSH:  Tibbiyot sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazdi.

(https://telegra.ph/file/6a054380b15be0207dd11.png)Samimiy ruhda o‘tgan muloqot avvalida vazir boshchiligidagi delegasiyaning yaqinda Qo‘shma Shtatlarga qilgan xizmat safari davomida erishilgan natijalar, tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha imzolangan kelishuvlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Ayniqsa, sil va o‘pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalar yildan yilga kengaymoqda.

Muloqot davomida AQSh bilan hamkorlikda tibbiyot sohasida yangi loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Xususan, yurtimizda farmakopeyani rivojlantirish va referens laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha grant mablag‘lari joriy yil Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘rtasida imzolanadigan maqsadli kelishuvlar doirasida ajratilishi aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bilan gepatit kasalligini kamaytirish, xastalikning A, V, S turlariga qarshi birgalikdagi harakatlarni ko‘zda tutadigan loyihalarni moliyalashtirish va grant mablag‘larini ajratishga ham kelishib olindi.

Qolaversa, uchrashuvda vazir A.Inoyatov va elchi J.Xenik o‘rtasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, kadrlar almashish va tibbiy ta’lim sohasida grant mablag‘larini ajratish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Yakunda shu yil yurtimizda O‘zbekiston — AQSh xalqaro tibbiyot forumini o‘tkazish rejalashtirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!