“O‘zbekgidroenergo” AJ joriy yilning birinchi choragida qanday natijalarga erishdi?

“O‘zbekgidroenergo” AJ joriy yilning birinchi choragida qanday natijalarga erishdi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugun gidroenergetika tarmog‘ida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 yilgacha gidro elektr stansiyalarning umumiy quvvati sohada 1 836 MVtni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-2023 yillarda amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo‘shimcha 397 MVt yangi va modernizasiya qilingan quvvatlar ishga tushirilib, umumiy quvvat 2233 MVtga yetkazildi.

Bunda gidro elektr stansiyalar umumiy soni 60 tani tashkil etmoqda. Xususan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga 14 ta yirik GES (30 MVtdan yuqori), 26 ta o‘rta GES (5-30 MVt), 6 ta kichik GES (0,5-5 MVt) hamda 14 ta mikroGES (0,5 MVtgacha) kiradi.

Ushbu aksiyadorlik jamiyatining axborot tahlil bo‘limi boshlig‘i Xurshid RAVSHANOV mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ishlab chiqarish, Investisiya va Mahalliylashtirish dasturlari ijrosi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha uch oylik natijalar haqida ma’lumot berdi:

–Bugungi kunda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi barcha korxonalarda aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tunu kun ishlab chiqarish tashkil etilgan bo‘lib, 2024 yilning I choragida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish rejasi 122 foizga ortig‘i bilan bajarildi. 1,4 milliard kVt/soatga yetkazildi. Ya’ni, ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga, ya’ni 1326 milliondan 1363 million kVt/soatga ko‘paydi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning eng katta o‘sish sur’ati fevral oyida (+12,) qayd etilgan bo‘lsa, yanvar oyida o‘sish +7 foizni tashkil etdi. Natijada gidroenergetika ob’ektlarida ishlab chiqarilgan energiyaning respublikadagi jami energiya ishlab chiqarishdagi ulushi qariyb 8 foizni tashkil etdi. Mamlakatimizda hisobot davrida “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hududlar qatoriga Toshkent, Sirdaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri kirdi. Ushbu hududlarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 92,9 foizi Yagona energetika tizimiga uzatildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish hisobiga o‘tgan uch oyda shartli 368,4 million metr kub tabiiy gaz, 309,7 million kg. mazut va 1 135 million kg. ko‘mir yoqilg‘isi iqtisod qilishga erishildi.

Qolaversa, jamiyat va tizim korxonalari tomonidan I chorakda byudjetga 109 milliard so‘mlik to‘lov amalga oshirildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida mahsulot tannarxini kamaytirish maqsadida amaliy ishlar tashkil etilib, ishlab chiqarish xarajatlari 3,5 milliard so‘mga qisqartirildi. Shuningdek, energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 164 tonna metall parchalari topshirilib, reja ko‘rsatkichi 125 foizga bajarildi.

I chorakda davlat Investisiya dasturiga muvofiq 8 ta loyiha doirasida 29,8 million dollar o‘zlashtirildi. Bunda xorijiy kredit – 11,5 million dollar va Jamiyat o‘z mablag‘lari – 18,3 million dollardir.

Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad joriy yil yakuniga qadar quvvati 26 MVt, yillik ishlab chiqarishi 133 million kilovatt soat bo‘lgan 23 ta, shu jumladan, 19 ta mikroGES va 4 ta kinetik gidroagregatni foydalanishga topshirishdir. Buning natijasida jamiyat tarkibida 2024 yil yakuni bilan jami quvvati 31 MVt bo‘lgan 37 ta mikroGES tashkil etilib, qo‘shimcha yillik 153 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Tashkilotimiz tomonidan “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qaror loyihasida 2024–2030 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha yangilangan dastur tasdiqlanmoqda.

Unga ko‘ra, 2030 yilga qadar 50 ta yangi GES qurish orqali gidroenergetikaning umumiy quvvatini 5 624,4 MVtga yetkazish, ya’ni 3 396,3 MVt qo‘shimcha quvvatlar yaratish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, 2024 yildan jamiyat tomonidan rostlovchi quvvatlarni vujudga keltirish maqsadida yurtimizda birinchi bor quvvati 1 600 MVt gidro to‘plash elektr stansiyalar (GTES) qurilishi loyihalarini boshlash, umumiy quvvati 1631 MVtli 18 ta yirik va o‘rta quvvatli GESlar qurilishi, quvvati 28 MVtli 28 ta mikro va kichik GESlar qurilishi, quvvati 550 MVtli mavjud 15 ta GESni modernizasiya qilish rejalashtirilgan.

Mazkur istiqbolli loyihalar hisobiga jamiyat tasarrufidagi GESlar tomonidan yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 17 milliard kilovatt soatga yetkaziladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!