UzAuto Motors Cobalt modelini yangilaydi

UzAuto Motors Cobalt modelini yangilaydi

UzAutoMotors Cobalt avtomobili modelini yangilash va ishlab chiqarish uchun 2024 – 2026 yillarda 67,4 million dollar sarflaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 fevraldagi qarorida ma’lum qilingan.

Fevralda O‘zbekistonda 2024 yil I choragiga mo‘ljallangan investisiya dasturiga doir hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjatda mamlakat iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida batafsil axborot berilgan.

Qarorda “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan jami qiymati 948,3 million dollarlik loyihalar (6,5 million dollarlik o‘z mablag‘lari) amalga oshirilishi belgilangan. Shundan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar miqdori 37,2 million dollarni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, joriy yil 1 yanvar holatiga mazkur mablag‘lardan o‘zlashtiriladigan miqdori 310,1 million dollar qolgan. Yanvar–mart oylarida o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar esa 43,7 million dollar bo‘lishi prognoz qilingan.

UzAuto Motors Cobalt modelini yangilaydi

Kompaniya loyihalari orasida Chevrolet Cobalt modelini yangilash (Cobalt MCM) va ishlab chiqarishni tashkil etish masalasi alohida o‘rin olgan. Unga ko‘ra, loyihaning 2024 – 2026 yillarda amalga oshiriladigan qismi uchun 67,4 million dollar sarflanishi va 150 ming dona Cobalt ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur mablag‘lardan 3,8 million dollarini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar tashkil etadi. Loyihaning umumiy mablag‘idan 2024 yil I chorakda o‘zlashtiriladigan miqdori 3,8 million dollar bo‘lishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” Jizzax shahrida qiymati 122,6 million dollarlik Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobil va gibrid avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.

Shundan 4 million dollari “O‘zavtosanoat”ning o‘z mablag‘lari, 17,6 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar hisobidan qoplanishi belgilangan.

Loyiha doirasida 2023—2024 yillarda 50 ming dona BYD ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bunda joriy yil 1 yanvar holatiga o‘zlashtirilmagan mablag‘lar 89 million dollar. 2024 yil I chorakda 21,6 mln dollar o‘zlashtirish prognoz qilingan.

“O‘zavtosanoat” amalga oshirishi ko‘rsatilgan loyihalar ichida ishlab chiqarish hajmi va quvvatlarini oshirish, yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari ham o‘rin olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!