Ukraina zarba berilmasligi kerak bo‘lgan ob’ektlar ro‘yxatini taklif etmoqda

Ukraina Rossiya hujumlarini to‘xtatishi lozim bo‘lgan energetika, infratuzilma va fuqarolik ob’ektlari ro‘yxatini tuzib, hamkorlarga topshirmoqchi. Agar Moskva bu shartni bajarsa, Kiyev ham Rossiya energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatadi.
Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuvdan so‘ng Xelsinkida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Putinning zarbalarni to‘xtatish haqidagi so‘zlari yetarli emas, chunki uning so‘nggi bayonotlaridan keyin ham Rossiya hujumlarni davom ettirgan. "Faqat Putinning va’dalari kifoya qilmaydi. Nega? Chunki bu urush bizni juda amaliyotchi odamlarga aylantirdi," - deya ta’kidladi Zelenskiy.
U eslatib o‘tganidek, Rossiya rahbarining Ukraina infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish haqidagi so‘zlaridan so‘ng, Rossiya qo‘shinlari dronlar bilan 145 ta zarba bergan, 4 ta S-300 va 2 ta "Iskander" ballistik raketasini uchirgan. Natijada temir yo‘l inshootlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va 21 ta turar joy binosiga zarar yetgan.
Zelenskiy bu masalada qat’iy nazorat bo‘lishi lozimligini va aynan AQShning uni ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynashi zarurligini ta’kidladi. U Ukraina ob’ektlar ro‘yxatini tayyorlayotganini va uni hamkorlarga topshirishini tasdiqladi. Shuningdek, agar Rossiya tomonidan shartlar bajarilsa, Kiyev ham Rossiya Federasiyasining energetika ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatishini ma’lum qildi.