Uchta holatda yolg‘on gapirishga ruxsat bor
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ummu Kulsum binti Uqba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Bu ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi muhojiralardan bo‘lgan edi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Odamlar orasini isloh qilgan kazzob emas. Xayrni aytadi va xayrni yetkazadi , deganlarini eshitgan ekan.
Men u zotning odamlar yolg‘on deydigan narsadan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Faqat uch narsaga: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning o‘z xotiniga va xotinning o‘z eriga gapirishida ruxsat berganlar , dedi u .
To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Abu Dovudning lafzida:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yolg‘ondan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Faqat uch narsani yolg‘onchi hisoblamayman , der edilar: odamlar orasini isloh qilgan odamni. U bir gapni aytsa, undan islohdan boshqani iroda qilmaydi. Urushda so‘z so‘zlagan kishini va o‘z xotiniga so‘z aytgan erni hamda o‘z eriga so‘z aytgan xotinni , deyilgan.
Islomda yolg‘on harom va katta gunoh hisoblansa ham undan kattaroq zararni qaytarish uchun istisno tariqasida uch holatda yolg‘on ishlatishga ruxsat berilgan.
1. Odamlar orasini isloh qilish uchun.
Musulmonlarning bir-birlari bilan urishib yurishlari juda ham yomon ish. Bu yomon ish oqibatida insonlar va jamiyatlar orasi buziladi. Kishilarning bir-birlari bilan xusumatlashishlari, urishishlari barcha balo-ofatlarning boshidir. Shuning uchun bu holat paydo bo‘lishi bilan qanday qilib bo‘lsa ham uni bartaraf qilishga o‘tish zarur. Bu yo‘lda, hatto yolg‘on gapirishga ham ruxsat bor. Chunki odamlarning orasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirgan odam faqatgina yaxshilik uchun yolg‘on gapiradi.
2. Urushda g‘alaba qilish uchun.
Dushman bilan bo‘layotgan qurolli qarama-qarshilik hayot-mamot jangi bo‘ladi. Bu jangda dushman qo‘lidan kelgan barcha ishlarni, jumladan, yolg‘onni ham ishga soladi. Agar askar yengilsa, barcha ummat va millat dushman asorati ostida qoladi. Shuning uchun ham ko‘pchilik manfaati yo‘lida dushmanni dog‘da qoldirish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat berilgan.
3. Oilaning ahilligini saqlab qolish uchun.
Har bir jamiyatda oilaning ahilligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ahil oilada o‘sgan bolalar salohiyatli fuqaro bo‘lib o‘sadilar. Ota-onaning janjallari sadosi ostida o‘sgan bolalar esa salohiyatli fuqaro bo‘lishlari qiyin.
Shuning uchun ham er-xotin orasidagi o‘zaro ahillik juda ham muhimdir. Ana o‘sha ahillikni saqlab qolish maqsadida er-xotinga bir-birlariga yaxshi ma’noda yolg‘on gap aytishlariga ruxsat berilgan.
Istisno tariqasida ruxsat berilgan ushbu uch holatdan boshqa hollarda yolg‘on gapirish mumkin emas.
