Turkiyada dam olish kunlari ko‘chaga chiqish butkul man etildi

Turkiyada dam olish kunlari ko‘chaga chiqish butkul man etildi

Turkiya prezidenti kabineti yig‘ilishidan keyin Rajab Toyyib Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi yangi choralarni bayon qildi. Turkiya ichki ishlar vazirligi esa dam olish kunlaridagi ko‘chaga chiqishga cheklovlarning ikir-chikirlarigacha ma’lum qildi. Cheklovlar Turkiya vaqti bilan juma kuni 21:00dan kuchga kirdi.

Hafta davomida soat 21:00dan soat 05:00gacha ko‘chaga chiqish taqiqlangan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra dam olish kunlari ko‘chaga chiqish butkul man etildi. Yangi qarorda 65 yoshdan yuqori va 18dan yoshroq aholi kunning muayyan soatlari (10:00-16:00 oralig‘ida) jamoat transportidan foydalanishi man qilindi.

4 dekabr soat 21:00dan 7 dekabr dushanba kunigacha aholining barcha qatlamiga ko‘chaga chiqish taqiqlandi va bu tartib kelasi dam olish kunlari ham amalda bo‘lishi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligining qaroriga ko‘ra, shaxsiy avtotransport vositasida shaharlararo safarlarga faqat zarur hollardagina ruxsat beriladi.

Zarur hollarga, jumladan, quyidagilar kiradi:

  • Davolanayotgan shifoxonasidan chiqib, doimiy yashash joyiga qaytayotganlar;
  • Avvaldan doktor qabuliga yozilgan yoxud doktor nazoratida bo‘lganlar;
  • Turmush o‘rtog‘i, aka-uka, opa-singil yoki birinchi darajali qarindoshining janozasida qatnashish yoxud mayyitni tashish uchun ko‘mak berayotganlar (ko‘pi bilan 4 nafar kishi);
  • Bo‘lib turgan shahrida kelganiga 5 kun bo‘lib, qolishga joyi bo‘lmay, yashash joyiga qaytish istagida bo‘lganlar;
  • Harbiy xizmatni yakunlab, doimiy yashash joyiga qaytayotganlar;
  • Qamoqdan chiqqanlar va hokazo.

Yuqoridagilardan boshqa sabablar bilan shaharlararo safar qilishni istovchilarga jamoat transportidan foydalanishga izn beriladi.

Shanba va yakshanba kunlari faqat non yopish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi muassasalarning ishlashiga ruxsat beriladi.

Supermarket, do‘kon, qassobxonalar 10:00-17:00 oralig‘ida ishlashga ruxsat beriladi.

Cheklovlar Turkiya parlamenti a’zolari, jamoat tartibini saqlovchi organ xodimlari, qo‘riqlash xizmatlari xodimlari, aeroport, port, stansiya xodimlari, diniy xizmatchilari va boshqalarga tegishli emas.

Turkiya hukumati, shuningdek, fuqarolarni katta oilaviy yig‘inlar, bayramlar o‘tkazishdan tiyilishga chaqirdi.

Shu tariqa, Turkiya so‘nggi kunlarda yanada avj olgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini mo‘’tadillashtirishga urinmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!